Yana mojaro: Japarovning sobiq safdoshi uni korrupsiyada aybladi
Olam
−
15 may 2021
14941Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning sobiq tarafdori ularning jamoasi prezidentlik saylovida qanday qilib g‘alaba qozonishganini ochiqcha aytishga qaror qildi.
Qamoqdagi faol Melis Aspekov Sadir Japarov muqaddam Sooronbay va Asilbek Jeenbekovlardan o‘zining saylovoldi kampaniyasi uchun 10 mln dollar olganini aytib chiqdi. Bu haqda Aspekovning xatida yozilgan.
Aspekovga ko‘ra, 5 oktyabrdagi to‘ntarishdan keyin u Prezidentdan qamoqdaligi vaqtida bergan va’dasining ustidan chiqishini talab qila boshlagan.
“5 oktyabrdagi to‘ntarishdan keyin men Sadir Japarovdan qamoqdaligi vaqtida bergan va’dasini bajarishini talab qildim”, degan Aspekov maktubida.
Aspekov Japarovning va’dalari qatorida Qumtor bilan tuzilgan shartnomani denonsatsiya qilish, Jeruyaning 50 foizini milliylashtirish, siyosiy elitani cheklash to‘g‘risida qonun qabul qilish, korrupsiyaga qarshi kurash, energetika sohasidagi Shirshov sxemalarini yo‘q qilishni keltirgan.
Bundan tashqari, qon to‘kilishini to‘xtatish, bojxonadagi o‘g‘irliklarga to‘sqinlik qilish, Dacha Suvdagi aviahalokat ishiga nuqta qo‘yish va xalqqa qarata o‘q uzishga buyruq bergani uchun Jeenbekovlarni javobgarlikka tortish ham va’da qilingan. Japarov Prezident bo‘lgach, barcha va’dalarini bajarishini aytgan va Aspekovga saylovlarda Chuy viloyati kooordinatori bo‘lishni taklif qilgan.
Jamoatchilik faoli amaldagi davlat rahbarining saylovoldi kampaniyasiga aslida necha pul sarflanganini ham aytgan.
“Japarov saylovoldi kampaniyasida Chuy viloyatiga 1 mln dollar ajratishini ta’kidladi. Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, biz birinchi turda g‘alaba qozonishimiz kerak edi. Agar biz pul topolmasak, kerakli ovozni yig‘masak va u Prezident bo‘lmasa, biz qamalishimizni aytdi. Men rozi bo‘ldim va darhol shtab tuzdim. Kerakli xodimlarni tanladim, kompyuter uskunalarini keltirdim, har bir tuman uchun koordinator, targ‘ibotchi tayinladim, barchasi saylov uchun tayyor edi. Sadir aytganidek, shaxsan menga 1 mln dollar berdi. Asossiz bo‘lmasligi uchun mendan mablag‘ olgan har bir okrug koordinatorlarining pasport nusxasi va imzolarini ilova qildim. Biroq bundan boshqa xarajatlar ham bor edi. Biz tonnalab benzin sotib oldik va ko‘plab jamoat tashkilotlari, harakat, diaspora va yoshlar guruhlari yetakchilari bilan hamkorlik qildik. Ular esa tekinga ishlamaydi. Barcha soliqlar Chuy viloyatiga ajratilgan million dollardan to‘lanadi va jamoatchilikka ko‘rsatiladi deb o‘ylagandim. Ammo unday bo‘lmadi. Respublika shtabi saylovoldi kampaniyasiga jami 40 million som yig‘ilgani va sarflanganini e’lon qildi”, degan Aspekov.
Respublika shtabi axborotini e’lon qilgach, u qonun buzilishining sababini bilish uchun Japarovning oldiga borgan.
“Japarov agar biz barcha xarajatlarni ochiq ko‘rsatsak, katta soliq to‘lashimizga to‘g‘ri kelishini aytdi. U "xalq bu uchun bizni “yeyishini”, odamlar bizdek yangi kelganlarda qayerdan shuncha pul borligidan g‘azablanishini aytdi". U ochiqchasiga, uyalmasdan Jeenbekovlardan 10 mln dollar olganini aytdi va shunday dedi: “Boshqa ularning qo‘lga olinishini talab qilma, ular bo‘lmasa, kim berardi”. Sadir 7 viloyatga 1 mln dollardan sarflaganini aytdi. U Issiq-ko‘l viloyatiga 2 mlng dollar ajratganini va kichik vatanida kam ovoz olsa, uyatga qolishini ta’kidladi. Men saylovlarga aralashganimdan afsuslandim”, degan Aspekov.
U Sadir Japarov Jeenbekovlarni javobgarlikka torta olmasligini, negaki ulardan katta miqdorda pul olganini ta’kidlagan.
Avvalroq, Qirg‘izistonda mamlakatning sobiq Prezidentlari Roza Otunbayeva va Sooronbay Jeenbekovni "eks-prezident" unvonidan mahrum qilish harakati boshlangani haqida xabar bergan edik.
Shundan so‘ng, Qirg‘izistonning amaldagi Prezidenti Sadir Japarov ikki marta omma oldida Roza Otunbayeva va Sooronbay Jeenbekov bilan rasmiy marosimda qatnashdi. Birinchi marta aprel oyining boshlarida Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda “Aprel inqilobi” qurbonlari xotirasini yod etish marosimida, ikkinchi marta 9 may kuni Bishkek shahridagi G‘alaba maydonida Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 76 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan xotirlash marosimida.
LiveBarchasi