Yana bir tashkilot amaldorlari yiliga 400 mln gacha maosh olayotgani aytilmoqda
Jamiyat
−
16 may 2023
35303Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi yana bir tashkilot – O‘zbekiston milliy metrologiya institutining direktoridan tortib yuristigacha yuqori maosh olgani haqida ma’lumot tarqaldi. Internetga sizdirilgan ro‘yxatda institut direktorining bir yil davomida 272 million, bosh buxgalterining 303 million, yuristining 402 million hamda bo‘lim boshliqlarining 141 va 148 million so‘mdan oylik maosh olgani qayd etilgan. Holat yuzasidan QALAMPIR.UZ jurnalisti institut matbuot kotibi bilan bog‘landi.
“Bu yerda choraklik, oylik va davlat bayramlari munosabati bilan beriladigan mukofot pullari hamda mehnat ta’tili bo‘yicha to‘lanadigan to‘lovlar kirgan. O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi xodimlar e’tiroziga aniqlik kiritish maqsadida ishchi guruh tuzgan”, deydi institut vakili.
Unga ko‘ra, ro‘yxatda xodimlarning oylik ish haqi, oylik mukofot, har chorakda beriladigan mukofot (bir yilda 4 ta), bayram pullari (davlat bayramlari bir yilda 8 ta), qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun moddiy yordam (“kartoshka puli”), shuningdek, mehnat ta’tili uchun to‘lovlar mos kelgan oylar aks ettirilgan.
Bundan tashqari, amaldagi mehnat qonunchiligiga muvofiq, ro‘yxatda aks ettirilgan aksariyat xodimlarning (2022 va 2023 yillardagi) ketma-ket ikki yillik mehnat ta’tili hamda unga qo‘shimcha bir oylik lavozim maoshi to‘lovlari belgilangan tartibda to‘langanligi keltirilgan.
Ta’kidlanishicha, xodimlarga Institut faoliyatining samaradorligini baholash mezonlarini shakllantirishdagi va bundan kelib chiqib faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha takliflar va chora tadbirlar ishlab chiqishda o‘z hissasini qo‘shgan hamda tegishli xalqaro tadbirlarni (uchrashuv, yig‘ilish, konferensiya va h.k.) tashkillashtirishdagi faol ishtiroki, alohida tashabbusslari uchun rag‘batlantirish amalga oshiriladi. Bularning barchasi Institutning nizomi doirasida amalga oshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi yana bir boshqa tashkilot – “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” (O‘zTest)ning rahbari va buxgalteri ham yuqori maosh olgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Unga ko‘ra, muassasa bosh buxgalteri yanvar-fevral oylarida umumiy 469 mln so‘m, rahbari esa 136 mln so‘m oylik olgani ko‘rsatilgan edi.
Keyinchalik bu xabar rost ekani tasdiqlanib, hujjatlar huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgandi va natijada O‘zTestning rahbari ishdan olingandi.
LiveBarchasi