Yana bir xalqaro musobaqa koronavirusning “qurboni”ga aylandi
Sport
−
17 fevral 2020
7439Joriy yilning 17-22 mart kunlari Malayziyada velosportning shosse yo‘nalishida Osiyo chempionati o‘tkazilishi belgilangan edi. Afsuski, ayni paytda butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solib kelayotgan koronavirus mazkur musobaqaga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Osiyo velosport konfederatsiyasi o‘tkazgan yig‘ilish qaroriga ko‘ra, mazkur musobaqa virus sabab bekor qilindi. Xalqaro tashkilot mutasaddilari bunday vaziyatda sportchilarning sog‘lig‘i har qanday holatda ham birinchi o‘ringa olib chiqilishini ta’kidlashmoqda. Osiyo chempionatining qachon va qayerga qoldirilishi borasida yakuniy qaror yaqin kunlar ichida e’lon qilinadi.
Velosport bo‘yicha asosiy terma jamoamiz ayni paytda Turkiyada ushbu musobaqaga tayyorgarlik olib borayotgan edi. Xalqaro tashkilotning qarori yig‘inimizga ta’sir o‘tkazmaydi.
Avvalroq, Turkmanistonda o‘tishi kerak bo‘lgan futzal bo‘yicha Osiyo chempionati va Xitoyda o‘tishi kerak bo‘lgan boks bo‘yicha Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi musobaqa qoldirilgandi.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 28 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, AQSH, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya, Belgiya va Misrda aniqlandi.
Bugungacha virusdan halok bo‘lganlar 1775 nafarga, u bilan kasallanganlar 71 334 nafarga yetdi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi.
Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
LiveBarchasi