Yana bir davlatda Rossiya raqamlari bo‘lgan avtomobillarning kirishi taqiqlandi
Olam
−
03 Oktabr 2023
13604Bolgariya Rossiya raqamlariga ega avtomobillar kirishini taqiqlovchi Yevropaning qator davlatlari qatoriga qo‘shildi. Bu Bolgariya bojxona agentligi xabarida aytildi.
“Rossiya davlat raqamlari bo‘lgan, 10 nafargacha yo‘lovchi bo‘lgan transport vositalarining ham mamlakatga kirishi, ham tranzit o‘tishlari taqiqlanadi”, deyiladi xabarda.
Taqiqni amalga oshirish uchun javobgarlik Bojxona agentligi, Ichki ishlar vazirligi va Bolgariya chegara politsiyasiga yuklanadi. Taqiq Yevrokomissiya tavsiyasiga ko‘ra joriy qilingan va Ukrainaga qarshi boshlangan mojaro munosabati bilan Rossiyaga nisbatan qo‘llangan, deya ta’kidladi bojxona agentligi.
Taqiq Rossiya diplomatik vakolatxonalariga tegishli avtomobillarni o‘z ichiga olmaydi. Rossiya davlat raqamlariga ega bo‘lgan barcha boshqa transport vositalariga 6 oy ichida mamlakatni tark etish buyuriladi.
Ayni paytda mahalliy chegara politsiyasi rahbari Anton Zlatanovning aytishicha, Rossiya davlat raqamlariga ega avtomobillardan tashqari, ro‘yxati keyinroq aniqlanadigan rossiyaliklarning ayrim shaxsiy mulklari ham taqiqlangan.
Shunday qilib, Rossiya davlat raqamlari bo‘lgan transport vositalarining kirishiga taqiq joriy etgan Yevropa mamlakatlari soni 8 taga ko‘paydi. Ilgari bu taqiq Estoniya, Latviya, Litva, Finlyandiya, Polsha, Germaniya va Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan, lekin Shengen hududiga kiruvchi Norvegiyada joriy qilingan edi.
LiveBarchasi