Yaman qirg‘oqlari yaqinida yana ikkita kemaga hujum bo‘ldi

Olam

image

Kecha, 7 aprel kuni Yaman qirg‘oqlari yaqinida ikkita kemaga hujum uyushtirildi. Bu haqda Britaniyaning Ambrey dengiz xavfsizligi kompaniyasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Yamanning Al-Mukalla shahridan taxminan 102 dengiz mili janubi-g‘arbda bitta kema hujumga uchragan. Kompaniya yaqin atrofdagi kemalar ekipajlarini ehtiyot bo‘lish va har qanday shubhali harakat haqida xabar berish haqida ogohlantirdi. Ambrey hujumni kim amalga oshirganini aytmadi. 

Shuningdek, Ambrey Yamanning Aden portidan janubi-g‘arbda, Adan ko‘rfazidagi kema yaqinida snaryad qulagani haqida xabar bergan.
Birlashgan Qirollik dengiz savdo operatsiyalari markazi (UKMTO) ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa Aden portidan 59 dengiz mili janubi-g‘arbda sodir bo‘lgan, "raketa kemaga yaqin joyda suvga qulagan".

"Kemaga shikast yetganligi haqida xabarlar kelib tushmadi va ekipaj xavfsiz. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda", deyiladi UKMTO bayonotida..

Ayni paytda isyonchi Yamandagi husiylar Qizil dengizda Britaniya kemasi va bir qator Amerika fregatlariga, shuningdek, Arab dengizi va Hind okeanida Isroil portlariga yo‘l olgan ikkita Isroil kemasiga zarba berganini ma’lum qildi. Harakatning harbiy vakili Yahyo Sariya harbiy amaliyotlar oxirgi 72 soat ichida amalga oshirilganini ma’lum qildi. 

UKMTO va Ambrey xabarlariga ko‘ra, kechagi hujumlar Yamanning Xodeyda port shahrining janubi-g‘arbidagi kema yaqinida ikkita raketa aniqlanganidan bir necha soat o‘tib sodir bo‘lgan. UKMTO ma’lumotlariga ko‘ra, bitta raketa AQSH boshchiligidagi koalitsiya kuchlari tomonidan tutib olingan, ikkinchisi esa kema yaqinidagi suvga qulagan.

Ma’lumot uchun, husiylar 2023 yilning noyabr oyidan beri Qizil dengizdagi G‘arb savdo kemalariga dronlar va raketalar bilan hujum qilib kelmoqda. Guruh o‘z harakatlarini Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlariga norozilik deb atadi va Isroil bilan bog‘liq barcha kemalarga hujum qilishga va’da berdi. Ayni paytda nafaqat harbiy kemalar, balki turli davlatlarning savdo kemalari ham husiylarning nishoniga aylanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Yaman husiylar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing