Yakkabog‘dagi hodisa o‘rganib chiqildi. Muammoli yer davlatga qaytariladi
Jamiyat
−
03 mart 2020
7186Avvalroq, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida fermerning ishchisi ayollar ustiga yonilg‘i quyib sepib yuborishga uringani haqida xabar bergan edik. Mazkur hodisa bo‘yicha Qashqadaryo viloyati prokuraturasi bayonot berdi.
Qayd etilishicha, mazkur holat tuman IIBdagi jinoyat haqidagi ariza va xabarlarni ruyxatga olish kitobida kirimga olinib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Aniqlanishicha, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 yanvardagi 14-sonli qaroriga asosan yer maydonlarini maqbullashtirish jarayonida “O‘rta” MFY, “Xusn” qishlog‘i hududidagi 499, 470, 487q, 743q konturlaridagi 8 ta fermer xo‘jaligiga tegishli 11,5 gektar yer maydoni tuman hokimining 2019 yil 24 yanvardagi qaroriga asosan zahira yer fondiga qaytarilgan.
Tuman hokimining 2019 yil 27 iyuldagi H-4696/07-sonli qarori bilan “Asqarov Muzaffar Jabborovich” fermer xo‘jaligiga mazkur 11,5 gektar yer maydoni qo‘shimcha ajratib berilgan.
Tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi tomonidan 2020 yil 27 yanvarda “Asqarov Muzaffar Jabborovich” fermer xo‘jaligiga yer maydonidagi olma va boshqa daraxtlar zamburug‘ va boshqa kasalliklarga chalinib, yaroqsiz holga kelganligi sababli daraxtlarni kesib, o‘rniga intensiv bog‘ barpo etish bo‘yicha yozma tavsiya berilgan.
Shunga ko‘ra, “Asqarov Muzaffar Jabborovich” fermer xo‘jaligi 2020 yil 14 fevralda samarasiz bog‘ni buzishni boshlab, 2020 yil 29 fevral soat 13:00 larda bog‘ni buzish davom ettirilayotgan vaqtda, “Xusn” qishlog‘ida yashovchi bog‘ning sobiq egalari T.Omonov, M.Mansurov va boshqalar tayoq va tosh bilan bog‘ni buzishga qarshilik ko‘rsatib, janjalda ishtirok etayotgan ayollar 20 litrlik yelim idishdagi 5 litrlar chamasidagi dizel yoqilg‘isi qoldig‘ini haydov traktori ustiga sepmoqchi bo‘lganida haydovchi B.Normo‘minov yelim idishni ayollardan tortib olib, yoqilg‘i qoldig‘ini to‘kayotganida qarshilik ko‘rsatayotgan O‘.Burxonovaning ham ustiga to‘kilgan.
Haydovchi voqea joyidan ketganidan keyin T.Omonov va boshqalar tarqalishgan.
Hodisa yuzasidan tuman hokimi, prokurori, IIB boshlig‘i yer nizosi ishtirokchilari bilan uchrashib, “Asqarov Muzaffar Jabborovich” fermer xo‘jaligi rahbariga bog‘ni buzishni vaqtinchalik to‘xtatib turish va yerga egalik huquqi masalasi qayta ko‘rib chiqilishi tushuntirilgan, taraflar tushuntirishdan qanoatlangan.
Hozirda, Viloyat prokuraturasi va hokimligi xodimlaridan iborat ishchi guruhi tomonidan Yakkabog‘ tumanidagi 2020 yil 29 fevraldagi voqea holatlari hamda yerga oid qonunchilik ijrosi ahvoli joyida o‘rganilmoqda.
Ishchi guruh tomonidan mazkur holat joyiga chiqib o‘rganish davomida “Asqarov Muzaffar Jabborovich” fermer xo‘jaligi rahbari ixtiyoriy ravishda nizoli 11,5 gektar yerdan 8,2 gektarini tuman hokimligi zahirasiga qaytarish xususida bergan arizasi asosida kecha, 2 mart kuni tuman hokimining yerni maydonini zahiraga olish to‘g‘risidagi qarori loyihasi tayyorlangan.
LiveBarchasi