Yakkabog‘lik hokim o‘rinbosari va uni yoqib yuborgan tadbirkorga sud hukmi o‘qildi
Jamiyat
−
18 Oktabr 2019
10575Avvalroq, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur To‘ymayevning yuz qismiga benzin sepib, uni yoqib yuborgan tadbirkor Bahriddin Isomovga nisbatan ochilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud ishi boshlangani haqida xabar bergan edik. Oradan roppa-rosa bir oy o‘tib sud hukmi e’lon qilindi.
Bugun, 18 oktyabr kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudida sudlanuvchilar Bahriddin Isomov (1963 yilda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta-maxsus, oilali, “Hisor sarlochin” MCHJ da ishchi bo‘lib ishlagan) va Mansur To‘ymayev (1976 yilda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti - oliy, oilali, Yakkabog‘ tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlagan)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Matbuot kotibi Aziz Abidovning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudi raisi Lutfulla Mamarajabov raisligida ko‘rib chiqilgan.
E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, Bahriddin Isomov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,98-moddasi (kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) da tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga shu modda bilan 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Ehtiyot chorasi sifatida 2019 yil 21 iyuldan 2019 yil 29 avgustga qadar 1 oy 8 kun qamoqda o‘tirgan kunlari tayinlangan jazodan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 62-moddasi (dastlabki qamoq vaqtini hisobga olish qoidalari)ga asosan chegirilib, qat’iy o‘tash uchun 1 yil 10 oy 22 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.
Mansur To‘ymayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 192-1-moddasi (xususiy mulk huquqini buzish) 3-qismi “a” bandi va 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
Unga 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda eng kam oylik ish haqining 510 baravari miqdorida ya’ni, 103 392 300 so‘m jarima jazosi tayinlandi. Jarimani davlat foydasiga undirish belgilandi. Mansur To‘ymayevning jinoiy harakatlari oqibatida 61 ta tadbirkor va 30 ta fuqaroga yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplab berish majburiyati Yakkabog‘ tuman hokimligi zimmasiga yuklatildi.
Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.
LiveBarchasi