Yakkabog‘da yuragiga o‘q tekkan 20 yashar qizning hayoti saqlab qolindi

Jamiyat

image

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali shifokorlari tomonidan murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlandi. Pnevmatik miltiq o‘qidan jarohatlangan yakkabog‘lik 20 yashar qizning hayotini asrab qolindi. Bu haqda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘q bemor Ch.S.ning o‘ng yelkasidan kirib, ko‘krak qafasi o‘ng tomonidan o‘tib borib, o‘ng o‘pkaning yuqori bo‘lagini teshib o‘tgan. Yurakning perikard qavatida to‘xtagan. Ayni paytda bemorning ahvoli qoniqarli.

Qizga qanday qilib o‘q tegdi?

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, 2020 yilning 6 iyun kuni, kechki soat to‘qqizlar atrofida Yakkabog‘ tumanida yashovchi fuqaro Q.S o‘rtoqlari bilan birga tumanda joylashgan fermer xo‘jaligining baliq yetishtiriladigan ko‘liga boradi. U yerda pnevmatik miltiqdan ko‘ldagi o‘rdaklarni ovlash maqsadida o‘q uzgan. So‘ng spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast holatda 50 metr uzoqlikdagi ko‘l bo‘yida joylashgan dala shiyponi oldida turgan, unga oldindan tanish bo‘lmagan fuqaro Ch.S.ni miltiq durbinidan kuzatmoqchi bo‘lib, tepkini bosib yuborgan. Oqibatda miltiq o‘qi fuqaro Ch.S.ning o‘ng yelkasiga borib tekkan va unga hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir shikast yetkazgan.

“Mazkur holat yuzasidan Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Q.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Yakkabog'

Baholaganlar

789

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing