Yaqin Sharqda o‘ldirilgan jurnalistlar soni rekord darajaga yetdi
Olam
−
10 yanvar
2114Yaqin Sharqdagi mojaro boshlanganidan beri o‘tgan uch oyda Ukrainadagi ikki yillik janglardan ko‘ra ko‘proq jurnalist halok bo‘ldi.
Bu haqda “The Washington Post” (WP) gazetasi G‘azo sektori ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi. Unga ko‘ra, 2023 yilning 7 oktyabridan beri Yaqin Sharqdagi mojaroda deyarli 110 nafar jurnalist halok bo‘lgan.
“Bu so‘nggi yillarda mojaro zonalarida o‘ldirilgan jurnalistlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich. G‘azoda bir necha oy ichida o‘ldirilgan jurnalistlar ikki yil davomida Ukrainada qurbon bo‘lgan OAV xodimlari sonidan oshib ketdi”, deb yozadi nashr.
Biroq manba Ukrainada qancha jurnalist halok bo‘lganini ochiqlamagan.
Gazetaning qayd etishicha, G‘azo sektorida Falastin-Isroil mojarosi avj olgandan beri har o‘ninchi jurnalist o‘ldirilgan.
Isroilning Falastin anklaviga bergan zarbalarining so‘nggi qurbonlari Qatarning “Al-Jazeera” telekanalining suratga olish guruhi a’zolari bo‘lgan.
Shuningdek, Isroil tomonidan o‘ldirilgan jurnalistlar qatorida Qatar telekanali xodimi Mustafo Turaya va HAMAS asoschisi va ruhiy yetakchisi Shayx Ahmad Yasinning nabirasi Ali Salim Abu Ajani keltirish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil yakuni bo‘yicha jurnalistlar haqidagi tahliliy maqolamizda O‘zbekiston va jahondagi OAV xodimlarining achinarli qismati haqida yozgandik.
LiveBarchasi