Isroil qanday qilib falastinliklarni nazorat qiladi?

Tahlil

−

image

Ushbu maqola 2017 yil 25 mayda “The Washington Post” nashri e’lon qilgan “A Palestinian’s daily commute through an Israeli checkpoint” hikoyasi asosida tayyorlandi. Hikoyaga nashr va til talablariga ko‘ra, kichik tuzatishlar kiritildi.

G‘arbiy Sohil – yulduzli osmon ostida har bir yosh, ishlashga layoqatli falastinlik erkak hali tong otmasdan turib, Isroildagi ishi tomon yo‘l oladi.
Uning ismi Tarek Al Tavil. U shunchaki falastinlik oddiy mardikor erkak. Tavil sharqiy Quddusdagi yahudiy aholisi uchun zamonaviy ko‘p qavatli turar joylarni quradi. Bu yerdagi har bir 5 xonali pentxaus xonadon 600 ming dollardan sotiladi.

Tavil ishidan nolimaydi. U kuniga 250 shekel, ya’ni taxminan 68 dollar ishlab topadi. Uning aytishicha, bu G‘arbiy Sohilda topadiganidan ikki baravar ko‘p. U otasi, amakilari va akalari bilan birga ishlaydi. Ular o‘zlari qilayotgan ishlaridan faxrlanadi. Hatto mobil telefonlarida alyuminiy rom o‘rnatish, nozik duradgorlik va murakkab kafel terish ishlarining fotosurtlarini saqlashadi.

Bu yerda unga o‘xshash yana minglab erkaklar bor. Ular Isroilni quryapti. Haftasiga 5 yoki 6 kun, hali bomdod vaqti kirmasidan, xo‘roz qichqirishidan oldin uyg‘onishadi. Ularning uyg‘otkichlari soat 3:30 ga sozlangan.

Har tongda, falastinlik minglab ishchilar G‘arbiy Sohildagi Xevron shahridan Isroil hududiga ishlagani o‘tadi. O‘rtada go‘yoki zamonaviy dunyoni xarobalardan ajratgandek baland devor tortilgan. Sharqiy Quddusga faqatgina “Checkpoint 300” (Baytlahm) nazorat-o‘tkazish punkti orqali o‘tish mumkin.
“Gap ishda emas. Gap Isroilning nazoratdan o‘tkazish punktida. Men undan nafratlanaman”, deydi Tavil.

“Ba’zan ertalab turaman-u, nazorat punktiga borgim kelmaydi. Boshimni yana yostiqqa qo‘yaman. Ayolim esa: “Bolamizni boqishingiz kerak. Turing, turing!” deydi. Men turaman”, deydi yana u.

Falastin hududlari bo‘lmish G‘arbiy Sohil va G‘azo sektorining Isroil tomonidan egallab olinishi deyarli 60 yil oldin, iyun oyida boshlangan. Tavil esa shu yili 40 yoshga to‘ldi. U kabi har besh falastinlikdan to‘rttasi bosqindan boshqa narsani ko‘rmay yashagan. Ular uchun G‘arbiy Sohil doim shundan bo‘lib kelgan, Isroilning zo‘ravon tuzumi ostida. Isroil harbiylari va razvedka xizmatlari G‘arbiy Sohildagi 2,6 million arab aholisini bunga ishontirgan, shu orqali ular nazoratni saqlab turadi.

Kelasi yil Quddus bosib olinganiga 60 yil bo‘ladi. Isroil qo‘shinlari 1967 yilgi olti kunlik urushda butun Quddusni egallab olishgan edi. Bu voqea har bir isroillik uchun faxrli g‘alaba hisoblandi.

Ammo boshqa tomondan esa, falastinliklar shunchalik uzoq davom etayotgan harbiy okkupatsiyani boshdan kechirib kelmoqdaki, buning og‘rig‘ini hududga yuborilgan isroillik harbiylardan boshqa hech kim ilg‘amaydi.

Bosh vazir Binyamin Netanyaxu, umuman olganda, bu voqeani “ishg‘ol” deb ataydi. Isroillik boshqa ko‘plab yahudiylar esa, buni hech qanday bosqin emas, aksincha, barcha Isroil yerlari Xudo tomonidan yahudiylarga berilganini ta’kidlaydi. Boshqa isroilliklar esa G‘azo endi ishg‘ol qilinmaganini, chunki Isroil sal kam yigirma yil oldin qirg‘oq chizig‘idan bir tomonlama chiqib ketganini ta’kidlaydilar.

Nima deb atalishidan qat’i nazar, u hech qachon tugamaydiganga o‘xshaydi. Tinchlik o‘rnatilmagani uchun kim aybdor ekanligi haqida minglab kitoblar yozilgan. Prezidentlar Bill Klinton, Jorj Bush va Barak Obama ikki davlatga ham birdek ma’qul yechimni topa olmadilar. Tramp ham bir necha bor urinib ko‘rdi, ammo hech narsa chiqmadi.

Lekin bu jarayon aslida qanday tuyuladi? “Biz Yaqin Sharqdagi yagona demokratiyamiz” deb maqtanadigan Isroil tomonidan kuch bilan ushlab turilgan G‘arbiy Sohil. (Absurd)

Tavil nafaqat o‘zi qo‘rqqan, balki butun dunyo uyalishi kerak bo‘lgan nazorat-punkti haqida gapirib berishga rozi bo‘lib jasorat ko‘rsatdi. Otasi uni hatto Amerika gazetasi bo‘lsa ham, ikki jurnalist bilan gaplashishi Isroilga kirish ruxsatnomasini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligidan ogohlantirdi.

“Ruxsatnoma – bu hayot”, dedi otasi.

Isroil ichki xavfsizlik xizmati – “Shin Bet” falastinliklar haqida ulkan fayllarni saqlaydi va har kuni “xavfsizlik” degan sababdan boshqa hech qanday izoh bermasdan, ishlash, yo‘lga chiqish va tibbiy ruxsatnomalarni rad etadi yoki bekor qiladi.

Ish ruxsatnomalari erta tongda falastinliklarga Isroilga kirishga imkon beradi, ammo kun oxiriga qadar chiqib ketishi kerak bo‘ladi. 2017 yilgi ma’lumotga ko‘ra, 70 mingga yaqin falastinlik qonuniy ravishda Isroil hududida ishlaydi, ularning aksariyati qurilishda mehnat qiladi.

Tavil har tong Sharqiy Quddusdagi qurilish maydonchasiga yetib borishi 3-4 soat vaqt sarflaydi, ammo masofa atigi 32 kilometr. Ishga vaqtida yetib borish uchun juda barvaqt yo‘lga chiqish kerak.

“Biz qorong‘ida chiqib ketamiz va qorong‘ida qaytamiz. Bu tabiatga zid”, deydi Tavilning amakilaridan biri.

Tavil o‘rta ma’lumotga ega kelishgan, yelkalari keng, baquvvat erkak. U uylangan, bir nafar o‘g‘il farzandi bor (2017 yil ma’lumoti). Uni nazorat punktidan boshqa joyda ko‘rsangiz doim hayotdan mamnun ko‘rinadi.

Tavil tosh terish va suvoqchilik ishlarida tajribali. Uning mahorati unga ish topishga yordam bergan. Lekin chegaradan o‘tish uchun beriluvchi ruxsatnoma olishiga uning chaqaloq farzandi borligi sabab bo‘lgan edi.

Isroil sayohat yoki ish ruxsatnomasi bo‘lmagan falastinliklar uchun yopiq, faqat Sharqiy Quddus aholisi bundan mustasno, ular maxsus maqomga ega. Agar nazorat punktlari ochiq bo‘lsa, 50 yoshdan oshgan falastinlik ayollar va 55 yoshdan oshgan erkaklar G‘arbiy Sohildan ruxsatnomasiz bir kunga kirishlari mumkin. G‘azoda esa vaziyat yanada jiddiyroq, hududda yashovchi barcha falastinliklar maxsus ruxsatnomaga ega bo‘lishlari kerak.

Ruxsatnoma so‘rab murojaat qilgan erkaklar uchun alohida talablar mavjud. Talabgorlar kamida 23 yoshda, uylangan va farzandli bo‘lishi kerak. Tavil ham farzandi tug‘ilgandan keyingina ruxsatnoma ololdi.

Bugungi kunda Isroil harbiy ma’muriyati tomonidan harakatlanish uchun 100 dan ortiq turdagi ruxsatnomalar beriladi: chet elga borish yoki o‘qish, Quddusdagi muqaddas joylarda namoz o‘qish, qarindoshlarni yo‘qlash, nikoh yoki dafn marosimida qatnashish, davolanish va ajratuvchi devorning u tomonida ishlash uchun.

Kerakli hujjatlarni olganlar ham doimiy nazoratda bo‘ladi. Isroil razvedka xodimlari Tavil kabi oilali erkaklar ruxsatnomani yo‘qotishdan qo‘rqqani tufayli, jinoyat sodir etish ehtimoli kamroq deb hisoblaydi.

Taxminan soat 4:20 da Tavil va olti hamkasbi ko‘chaning oxirigacha piyoda yurib borib, Baytlahmga borish uchun mikroavtobusga o‘tiradi. Haydovchidan tashqari hamma darhol mudray boshlaydi.

“Ko‘proq uxlash ne’matdir”, deydi Tavil.

Ikki qatorli 60-magistral bo‘ylab shimolga qarab yo‘l olgan ular Falastinning Sa’ir shahridan o‘tib ketdi. Magistralning narigi tomonida “Kiryat-Arba” joylashgan. Bu uyda 1994 yilda Patriarxlar g‘orida 29 musulmonni avtomat bilan qirgin qilgan amerikalik yahudiy shifokor Barux Goldshteyn yashagan. 300-nazorat punkti Isroilning baland beton devorlari orasidan o‘tadi. Devorlarga Falastin graffitilari va Benksi murallari tushirilgan. Bu o‘tish joyida tez-tez falastinlik yoshlar va isroillik harbiylar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib turadi. Mahalliy aholi devor tomonga toshlar otib, shinalar yoqib o‘zlarining e’tirozlarini namoyishkorona bildiradi. Isroil harbiylari esa, ko‘zdan yosh oqizuvchi gazlar, rezina o‘qlar va ba’zan hatto haqiqiy o‘q-dorilardan foydalanib ularni bostiradi.

Soat hali besh bo‘lib ulgurmasdan Tavil va uning sheriklari nazorat punkti yoniga yetib keladi. Bu vaqtda markazda faqat novvoyxonadangina yorug‘lik taralib turadi. Ammo taksilar, mikroavtobuslar va avtobuslar karvonlari manzilga yetib kelishi bilan, undan tushgan odamlar devor yoniga intilishadi. Bu yerda kuzatuv minoralariga ega 8 metrli beton devor bor. U yerda allaqachon olomon yig‘ilgan.

Tavil bu to‘s-to‘polonga qo‘shilishni istamaydi. Eski devor ustida cho‘nqayib, bir muddat pastdagi g‘ala-g‘ovurlarni tomosha qilib turadi. Ammo uning amakilari, ukasi va otasi u kabi sabrli emas, ular birinchi bo‘lib olomonga o‘zini uradi.

Bir necha yil oldin Tavilning otasi nazorat punktidagi tiqilinchda qovurg‘asi singan edi. Qon bosimi yuqori bo‘lgan amakisi esa olomon ichida hushidan ketib qolgandi.

“Hech qachon, hech qachon yiqilmang”, deb ogohlantirdi Tavil.

Sharqiy Quddusga ruxsatnoma ololmaganlar ham ishlash uchun chegaradan o‘tishadi. 30 000 dan 50 000 gacha odamlar Isroilga kirish uchun drenaj quvurlari orqali yugurib o‘tishadi va devorlarga ilgaklar yoki qo‘lda yasalgan narvonlar bilan chiqishadi.

“Bu qo‘rqinchli”, dedi Tavil.

G‘arbiy Sohildan kelgan ishchilar uchun Isroilga kirishga imkon beruvchi 13 ta asosiy nazorat punkti mavjud. Har bir falastinlik ishchida qaysi o‘tish punkti eng sekinligi, qaysi biri eng tezkorligi yoki eng gavjumi qaysi-yu, eng qulayi qaysi kabi reytinglar mavjud. Qaysi punktning nazoratchilari eng qo‘pol-u, qay birida eng professional askarlar xizmat qiladi va hatto eng jirkanch hojatxonalar borligi haqida bahslashadi.

Ba’zi o‘tish joylari ancha yaxshilandi. Ammo falastinliklarning aytishicha, 300-nazorat punkti hali ham eng yomonlaridan biri. G‘arbiy Sohilning janubiy qismida yashovchilar uchun esa eng yaqini shu.

Mahalliy aholining punktdan o‘tish jarayonini tasvirlovchi ajoyib lug‘ati bor. Ularning aytishicha, birinchi bo‘lib ular “qafaslar”ga (uzun panjarali yo‘laklar) kirishadi, so‘ngra “tovuq yulg‘uvchilar”ga (turniketlar) tiqilishadi. Keyin u yoqdan zerikkan isroillik askarlar o‘tiradigan “akvariumlar”ga o‘tishadi, o‘q o‘tmas shisha ortida turgan askarlar yashil ruxsatnomadagi surat bilan yuzlarni solishtiradi. Navbat kutayotganlardan tashqari panjaralar ustidan sakrab o‘tib ketadigan yoshlar ham bor. Ularni “devor emaklovchilari” va “jallodlar” deb atashadi. Falastinliklarning aytishicha, bu so‘zlarning barchasi hayvonot bog‘idagi hayvonlarni tasvirlaydi, ya’ni ular o‘zlariga qilinadigan munosabatni shunday ko‘rishadi.

Odamlar doimgi kir ish kiyimlarini kiyib olishgan. Ular bamisoli to‘lqin kabi harakat qiladi: ikki qadam oldinga, bir qadam orqaga. Harbiylar esa ularni yuqorida o‘rnatilgan kameralar orqali beparvo kuzatadi.

Oddiy falastinlik ishchilardan bosqin ostida yashash qanday tuyulishini so‘rasangiz, ular uchta so‘zni ishlatishadi: alam, kamsitilish va bosim.
“O‘ylaymanki, ular buni qasddan, bizni o‘z o‘rnimizga o‘tqazib qo‘yish uchun qilishadi”, deydi 51 yoshli kafelchi Abu Rafat.

Tavil chegaradan zo‘r-bazo‘r o‘tib olgach, uni kutib turgan mashina tomon yuguradi. Agar ishchilar o‘z vaqtida yetib bormasa, ular pul yo‘qotadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing