Yaqin Sharqda Blinkenning “keyingi qadami” qanday bo‘ladi?

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bugun, 16 oktyabr kuni olti arab davlati rasmiylari bilan muzokara o‘tkazib, Isroilga qaytdi. AQSH rasmiysi G‘azo sektoridagi gumanitar inqirozni yumshatish yo‘llarini izlab, HAMASga qarshi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga umid qilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil G‘azo sektorida quruqlikdagi yirik operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda Blinkenning Quddusda mamlakat rahbarlari bilan uchrashishi kutilmoqda.

“Men so‘nggi bir necha kun ichida boshqa hamkorlarimizdan o‘rganganlarimni baham ko‘rishni va isroillik ittifoqchilarimiz hamda do‘stlarimiz bilan kelajak yo‘llari haqida gaplashishni xohlayman”, dedi Blinken.

Blinkenning ushbu safarlari AQSH Prezidenti Jo Baydenning Isroilga tashrif buyurish arafasida bo‘lib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 oktyabr kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Isroilga borgan edi. AQSH rasmiysi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida Isroilga boshqa davlatlar yoki terrorchilar tomonidan hujum qilingan taqdirda, Qo‘shma Shtatlar mamlakatni himoya qilishini aytdi.

Shundan so‘ng, Iordaniya qiroli Abdulloh II va Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos bilan uchrashmoqchi ekanligini ma’lum qildi.

AQSH rasmiysi ABC telekanaliga intervyu berar ekan: “Biz ularni oilalariga qaytarish uchun barcha imkoniyatlarni hisobga olgan holda qo‘limizdan kelganini qilyapmiz. Bizda bu borada katta tajriba bor. Shunga qaramay maxfiylik va xavfsizlikni inobatga olib, bu haqida batafsil ma’lumot bera olmayman”, dedi.

AQSH Davlat kotibining Isroil-Falastin mojarosida “o‘zini tutishi” Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning keskin tanqidlariga sabab bo‘ldi.

“U Isroilga davlat kotibi sifatida emas, balki yahudiy millati vakili sifatida yondashishini ma’lum qilgan. Bu qanday siyosatchi, bu qanday yondashuv? Agar ular mintaqaga musulmonlar sifatida yondashishlarini aytishsa, nima deb javob bergan bo‘lardingiz?”, dedi Rajab Toyib Erdo‘g‘an.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Yaqin Sharq Entoni Blinken G'azo sektori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing