“Yaqin do‘stlar shunday bo‘ladi”. Mirziyoyev Sharl Mishel bilan uchrashdi (video)
Jamiyat
−
02 iyun 2023
10602Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ajratilgan qarorgohda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel bilan uchrashuvi boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Asadov tomonidan e’lon qilingan videoda Mirziyoyevning Sharl Mishel bilan ko‘rishib, samimiy suhbat qurganini ko‘rish mumkin.
“Ko‘p bo‘ldi ko‘rishmadik”, degan Mirziyoyev.
Mishel ham o‘z o‘rnida buni tasdiqlab:
“Ko‘p ko‘rishmasak ham men siz haqingizda judayam ko‘p o‘ylayman”, degan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev unga javoban “Yaqin do‘stlar shunday bo‘ladi” deb aytgan va Mishel bilan uchrashganidan juda mamnun ekanini, buni intiqlik bilan kutganini bildirgan.
Shundan so‘ng yetakchilar O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi bayroqlari oldida rasmiy suratga tushgan.
Tomonlar orasida o‘tkazilgan muzokaralarda yetakchilar 2022 yil oktyabr oyida Toshkent shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarga muvofiq ikki tomonlama muloqot va almashinuvlarda yuqori sur’at kuzatilayotganini mamnuniyat bilan qayd etgan.
O‘zbekiston va YeI yetakchilari ikki tomonlama savdoni diversifikatsiya qilish va hajmini oshirish, “GSP+” imtiyozli savdo tizimining amal qilish muddatini uzaytirish, samarali transport yo‘nalishlari, eng avvalo, Transkaspiy tranzit yo‘lagini rivojlantirish, “yashil” energetika, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish, ekologiya, ta’lim, turizm va boshqa sohalarda qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalariga alohida to‘xtalgan.
Shuningdek, mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan. Afg‘oniston bo‘yicha maslahatlashuvlarni va ushbu mamlakatga insonparvarlik yordamini davom ettirish muhimligi ta’kidlangan.
Ta’kidlash joizki, bugun, 2 iyun kuni Cho‘lponotada ikkinchi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti bo‘lib o‘tadi. Uning kun tartibidan mintaqa mamlakatlarining Yevroittifoq bilan konstruktiv muloqotini yanada rivojlantirish va amaliy hamkorligini kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning 27 oktyabr kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari hamda Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishelning birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.
LiveBarchasi