“Yagi” to‘foni Vetnamga ham yetib bordi. 20 dan ortiq qurbon bor (video)
Olam
−
09 Sentabr
4043Vetnam shimolida “Yagi” to‘foni keltirib chiqargan ko‘chki va suv toshqinlari kamida 24 kishining hayotiga zomin bo‘ldi va yana 299 kishi jarohat oldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, 7 sentyabr kuni mamlakatning shimoli-sharqiy qirg‘oqlariga urilgan to‘fon bu yil uchun Osiyodagi eng kuchlisi bo‘lgan. Hukumat e’lon qilgan bayonotga ko‘ra, tabiiy ofat mamlakatning bir qancha hududlarida, asosan Kuangnin va Xayfonda elektr ta’minoti va telekommunikatsiyalar uzilib qolishiga sabab bo‘lgan.
Bugun, 9 sentyabr kuni Ob-havo agentligi yana suv toshqinlari va ko‘chkilar yuz berishi haqida ogohlantirib, so‘nggi 24 soat ichida mintaqaning bir necha qismida yog‘ingarchilik miqdori 208 millimetrdan 433 millimetrgacha yetganini ma’lum qildi.
“Toshqin va ko‘chkilar atrof-muhitga zarar yetkazmoqda va odamlar hayotiga tahdid solmoqda”, deyiladi Gidrometeorologiya prognozi milliy markazi hisobotida.
Qayd etilishicha, ayni paytda toshqin xavfi Langshon, Kaobang, Yenbay va Taynguyen provinsiyalarida yuqori.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Yagi” to‘foni Xitoyning Xaynan orol-provinsiyasiga (Janubiy Xitoy) kelib urilishi oqibatida kamida 2 kishi halok bo‘lgani, 92 kishi turli darajada jarohat olgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi