Wildberries nishonda: Ukraina yana kompaniya omborini bombaladi

Olam

image

Ukraina dronlari Rossiyaning Perm, Ryazan va Taganrog shaharlari, shuningdek, Qrim yarimorolidagi neftni qayta ishlash zavodlari va Wildberries logistika ob’ektlariga zarba berdi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy hamda Rossiya mahalliy rasmiylari ma’lum qildi.

Zelenskiy o‘z bayonotida mamlakat kuchlari Perm va Ryazan shahridagi neftni qayta ishlash zavodlari, Ryazandagi logistika markazi, Rostov viloyatidagi eksport terminali va harbiy korxona, shuningdek, Qrimdagi dengiz bazasiga zarba berganini ma’lum qilgan.

Rossiyaning mahalliy rasmiylari ham hujumlar sodir bo‘lganini tasdiqlagan. Xususan, Ryazan viloyati gubernatori Pavel Malkovning bildirishicha, sanoat ob’ektlarida yong‘inlar yuz bergan, 6 kishi tibbiy yordamga murojaat qilgan. Wildberries esa Ryazandagi ombori evakuatsiya qilinganini va u yerga tovar qabul qilish vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, Perm viloyati gubernatori Dmitriy Maxonin Ukraina dronlari sanoat ob’ektiga zarba berganini, ammo qurbonlar yo‘qligini aytgan. Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusar esa Taganrogda raketa parchalari ko‘p qavatli uyga tushishi oqibatida bir ayol halok bo‘lgani, bir erkak jarohatlanganini ma’lum qilgan.

Rossiyaning 2014 yilda Ukrainadan anneksiya qilgan Qrim viloyatida Moskva tayinlagan rahbar Sergey Aksyonovning aytishicha, tungi dron hujumlari oqibatida 2 kishi halok bo‘lgan, 5 kishi jarohat olgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina havo mudofaa tizimidagi “Patriot” kabi tutib qoluvchi raketalar zaxirasi qisqargan bo‘lsa-da, mamlakatning uzoq masofaga zarba beruvchi dronlar ishlab chiqarishi Rossiyanikidan yuqori sur’atlarda rivojlanmoqda. Bu esa Rossiyaning neft infratuzilmasiga hujumlar uyushtirish va yonilg‘i ta’minotiga ta’sir ko‘rsatish imkonini bermoqda.

So‘nggi kunlardagi hujumlar oqibatida Rossiyaning eng yirik onlayn savdo platformasi Wildberries’ning kamida 7 ta omboriga zarar yetgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bu uning ombor quvvatining taxminan 10 foizini ishdan chiqargan hamda platformadan foydalanuvchi o‘n minglab kichik tadbirkorlarga zarar yetkazgan.

“Kommersant” nashrining yozishicha, Wildberries Ukraina dronlari hujumlaridan tovarlarini himoya qilish maqsadida Qozog‘istondan 100 ming kvadrat metr ombor maydoni izlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 iyul kuni Ukraina dronlari Wildberries’ning Moskva viloyatidagi Elektrostal va Tambov viloyatidagi Kotovsk logistika markazlariga, 22 iyul kuni Krasnodar va Nevinnomisskdagi omborlariga, 23 iyul kuni Voronej viloyatidagi, 24 iyul kuni Sankt-Peterburg, Leningrad viloyati va Simferopoldagi, 29 iyul kuni esa Ryazan viloyatidagi logistika markaziga hujum uyushtirgan edi.

Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiyadagi Wildberries omborlariga uyushtirgan hujumlari oqibatida Qirg‘izistonning ikki fuqarosi jarohat olgandi.

Shuningdek, Wildberries kompaniyasi Ukraina dronlari hujumi oqibatida yo‘qotilgan tovarlar uchun sotuvchilarga kompensatsiya to‘lanishini e’lon qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing