Ukraina yana Wildberries omborlarini bombaladi. Qurbon bor (video)
Olam
−
22 iyul 10675 2 daqiqa
Ukraina dronlari Rossiyaning eng yirik onlayn-riteyleri Wildberries'ning yana ikki omboriga hujum uyushtirdi. Bu haqda bugun, 22 iyul kuni kompaniya rahbari va hammuassisi Tatyana Kim Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Kimning yozishicha, hujumlar Krasnodar va Nevinnomissk shaharlaridagi omborlarga amalga oshirilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Krasnodar osmoniga ko‘tarilgan ulkan tutun ustunini ko‘rish mumkin.
“Bu kecha Krasnodar va Nevinnomisskdagi logistika markazlarimiz hujumga uchradi. Hozir tegishli xizmatlar bilan birgalikda oqibatlarni bartaraf etish ustida ish olib bormoqdamiz”, deydi kompaniya rahbari.
Mahalliy hokimiyat esa yana bir janubiy shahar – Armavirda dron qoldiqlari korxonalardan biriga tushishi oqibatida bir ishchi halok bo‘lganini bildirgan.
Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratevning aytishicha, ombor majmuasiga qilingan hujumda 10 kishi jarohatlangan. Shuningdek, dron qoldiqlari Krasnodardagi ikki ko‘p qavatli uyga zarar yetkazgan, ammo bu yerda hech kim jabrlanmagan.
“Bizning ustuvor vazifamiz – insonlar. Tezkor evakuatsiyani amalga oshirgan jamoamizga, qahramonlarimizga minnatdorlik bildiraman. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, afsuski, jabrlanganlar bor. Ularga tezroq sog‘ayib ketishlarini tilayman, biz albatta barcha zarur yordamni ko‘rsatamiz”, deb yozgan Kim.
Hokimiyat yong‘inni o‘chirish uchun omborga vertolyot jalb qilinishi, yong‘inga qarshi kurash ishlarida jami 105 nafar xodim ishtirok etayotganini ma’lum qilgan.
“Oddiy odamlarga, xodimlarimizga, o‘z ishini bajarayotgan barchaga qilingan bu hujumlar uyg‘otgan his-tuyg‘ularni so‘z bilan ifodalash mumkin emas”, degan Tatyana Kim Telegram'dagi sahifasida.
Ukraina so‘nggi hujumlar yuzasidan hozircha izoh bermagan.
Ma’lumot uchun, Wildberries dastlab Yevropa kataloglaridagi kiyim-kechaklarni qayta sotuvchi internet-do‘kon sifatida faoliyat boshlagan. Keyinchalik u mahsulot turlarini kengaytirib, uchinchi tomon sotuvchilarini ham qamrab olgan marketpleysga aylangan. Kompaniya yetkazilgan zarar ko‘lamiga izoh bermagan.
Rossiya Internet savdo kompaniyalari uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda mamlakatda onlayn savdo hajmi 28 foizga oshib, 11,5 trillion rublga (147 milliard dollar) yetgan. Bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak raqamli platformalar orqali tovar va xizmatlar savdosi mamlakat yalpi ichki mahsulotining taxminan 8,5 foizini tashkil qilishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 18 iyul kuni Ukraina dronlarining avvalgi hujumida Wildberries'ning sakkiz nafar xodimi halok bo‘lgan, yong‘inlar kelib chiqqan va kompaniya faoliyati izdan chiqqan edi.
Live
Barchasi