Wildberries dron hujumlaridan so‘ng Qozog‘istondan omborlar qidirmoqda

Olam

image

Rossiyaning eng yirik marketpleysi Wildberries Ukrainaning logistika markazlariga hujumlari ortidan Qozog‘istonda 100 ming kvadrat metrgacha ombor maydonlarini qidirmoqda. Bu haqda ko‘chmas mulk bozori manbalariga tayanib, “Kommersant’” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, kompaniya Qozog‘istondagi mavjud bo‘sh omborlarning deyarli barchasini ijaraga olishga tayyor. Bunga so‘nggi kunlarda Rossiyadagi Wildberries logistika markazlariga uyushtirilgan dron hujumlari sabab bo‘lgani aytilmoqda. Russ Wildberries (RWB) quvvatlarining bir qismini Qozog‘istonga ko‘chirish orqali xavflarni kamaytirishni rejalashtirmoqda.

RWB bu ma’lumotga izoh berar ekan, kompaniya faoliyat yuritayotgan barcha mamlakatlarda logistika infratuzilmasini rejali ravishda kengaytirib borayotganini bildirgan. Xususan, Olmaotada 100 ming kvadrat metrdan ortiq maydonga ega logistika markazi qurilmoqda. Ostonada esa 160 ming kvadrat metrlik yana bir markaz barpo etilmoqda va uni kelasi yili foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Kompaniyaga ko‘ra, ayni paytda asosiy e’tibor tovarlarni turli omborlar o‘rtasida qayta taqsimlashga qaratilgan.

Mutaxassislarning qayd etishicha, RWB uchun Qozog‘istonda bir joyning o‘zida 100 ming kvadrat metrlik bo‘sh ombor topish oson emas. Hozir mamlakat bo‘yicha jami 130 ming kvadrat metr bo‘sh logistika maydoni mavjud bo‘lsa-da, ular turli shaharlarda joylashgan.

Shu bilan birga, kompaniya Rossiyada ham yangi omborlar qidirmoqda. Biroq ko‘chmas mulk bozori vakillariga ko‘ra, ayrim ombor egalari dron hujumlari xavfi va sug‘urta bilan bog‘liq muammolar sabab Wildberries bilan yangi ijara shartnomalarini tuzishga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda.

Ma’lumot uchun, Wildberries Rossiyadagi eng yirik marketpleys hisoblanadi. Uning asosiy egalari Tatyana Kim va Russ kompaniyasi tuzilmalari sanaladi. 2025 yilda RWB’ning Rossiyadagi aylanmasi 49 foizga oshib, 6,1 trillion rublni tashkil etgan. Sof foyda esa 68 foizga o‘sib, 175 milliard rublga yetgan. Hozirda kompaniya umumiy maydoni 5,6 million kvadrat metr bo‘lgan 209 ta logistika ob’ektiga ega.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 iyul kuni Ukraina dronlari Wildberries’ning Moskva viloyatidagi Elektrostal va Tambov viloyatidagi Kotovsk logistika markazlariga, 22 iyul kuni Krasnodar va Nevinnomisskdagi omborlariga, 23 iyul kuni Voronej viloyatidagi, 24 iyul kuni Sankt-Peterburg, Leningrad viloyati va Simferopoldagi, 29 iyul kuni esa Ryazan viloyatidagi logistika markaziga hujum uyushtirgan edi.

Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiyadagi Wildberries omborlariga uyushtirgan hujumlari oqibatida Qirg‘izistonning ikki fuqarosi jarohat olgandi.

Shuningdek, Wildberries kompaniyasi Ukraina dronlari hujumi oqibatida yo‘qotilgan tovarlar uchun sotuvchilarga kompensatsiya to‘lanishini e’lon qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing