Voleybol: dastlabki Markaziy Osiyo chempionati o‘z yakuniga yetdi
Sport
−
23 avgust 2021
4148Bugun, 23 avgust kuni Farg‘ona shahrida voleybol bo‘yicha birinchi Markaziy Osiyo chempionati o‘z yakuniga yetdi.
Ayollar o‘rtasidagi bahslarda g‘oliblik qozog‘istonlik voleybolchilarga nasib etdi. Ular to‘rt partiya davom etgan final bellashuvida O‘zbekiston terma jamoasini 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. O‘zbekistonlik voleybolchi qizlar esa kumush medal bilan taqdirlandi.
3-o‘rin uchun kechgan bahsda Qirg‘iziston va Tojikiston terma jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. O‘yindagi uch partiyaning barchasini o‘z foydasiga xal qilgan qirg‘izistonlik voleybolchilar musobaqaning bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda ham qozog‘istonlik voleybolchilarga teng keladigan raqib topilmadi. Ular finalda Qirg‘iziston terma jamoasini 3:0 hisobida mag‘lub etib, bosh sovringa ega chiqishdi.
Bronza medal uchun kechgan bahsda 1-partiyani kichik farq bilan yutqazgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari keyingi uch partiyada tojikistonlik voleybolchilarni mag‘lub etib, 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 17 avgust kuni Farg‘ona shahridagi “Samo” sport majmuasida ilk marotaba o‘tkazilayotgan voleybol bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionatiga start berilgandi.
Ma’lumot uchun, musobaqa yakuniga ko‘ra, dastlabki uch o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar sentyabr oyida Hindiston va Eronda o‘tkaziladigan Osiyo chempionatining xududiy bosqichida ishtirok etadi.