Voitovning hibsga olinishi bilan bog‘liq qo‘shimcha tafsilotlar ma’lum bo‘ldi

Olam

Avvalroq, O‘zbekistonning sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov qamoqqa olingani va hozirda DXX hibsxonasida saqlanayotgani xabar qilingandi. QALAMPIR.UZ’ga uning qo‘lga olinishi tafsilotlari ochiqlangan hujjat yetib keldi.

Ma’lum qilinishicha, Aziz Voitov joriy yilning 13 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi JPKning 221-modda (Ushlab turish asoslari)si tartibida ushlangan. Unga doir ish 14 dekabr kuni, soat 00:10 da, jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining yopiq sud majlisida ko‘rilgan.

Sobiq vazir O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-modda (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish)si 3-qismi “a” bandi va 205-modda ( Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish)si 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni qilganlikda gumonlanib ushlangan.

Bildirilishicha, Voitov mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda 2022-2023 yillarda Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi direktoriga “zudlik bilan va muammosiz qarz ajratib berish to‘g‘risida” noqonuniy topshiriq bergan. Buning oqibatida esa “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va ularni xarid qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror talabiga zid ravishda bir necha tadbirkorlik sub’ektlariga qarz mablag‘lari noqonuniy ajratilib, davlatning 9,8 mlrd so‘m mablag‘i rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Aziz Voitov yuqoridagi holatlar yuzasidan joriy yilning 13 dekabr kuni 167-modda (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish)si 3-qismi “a” bandi va 205-modda ( Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish)si 2-qismi “a” bandi bilan gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.

Bosh prokuror o‘rinbosari sudga iltimosnoma kiritib, gumon qilinuvchi A.Voitov tomonidan davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan juda ko‘p miqdordagi moddiy zarar qoplanmaganini, u ochiqda qolgan taqdirda dastlabki tergovdan yashirinishi, jinoiy harakatlarni davom ettirishi, guvohlarni ko‘ndirishi va dalillarni yo‘q qilishi mumkinligini inobatga olib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashni so‘ragan.

Sud Bosh prokuror o‘rinbosarining iltimosnomasini qanoatlantirgan holda Voitovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashni lozim topgan. Shuningdek, u DXX tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilangan.

Ma’lumot uchun, Aziz Voitov 1980 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy, Toshkent moliya instituti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankida turli lavozimlarda (2000-2017 yy), 2017-2020 yillarda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruvi Raisi vazifasini bajaruvchi lavozimida faoliyat yuritgan. 2022-2023 yillarda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligini boshqargan.

Eslatib o‘tamiz, Aziz Botirovich Voitov 2022 yilning avgust oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimiga tayinlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Aziz Voitov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing