Aziz Voitov sudi yopiq o‘tadigan bo‘ldi
3-sahifa
−
12 Sentabr
4914Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va yana 49 nafar shaxsga oid sud majlisi yopiq tarzda o‘tkaziladi. Bu haqda sud zalidan QALAMPIR.UZ jurnalisti xabar berdi.
Sudning yopiq o‘tishi bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi vakili G‘ofur Mahkamov iltimosnoma kiritdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudyasi Sardor Sodiqov esa iltimosnomani qanoatlantirdi.
“Sud ishi davomida xizmat doirasida foydalanish mumkin bo‘lmagan hujjatlar borligi sabab, ularning e’lon qilinishi xorijdan investorlarni jalb qilishga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shu sabab sud majlisining yopiq shaklda ko‘rilishini so‘rayman”, deya o‘z iltimosnomasini izohladi vazirlik vakili.
Uning bu iltimosnomasini hech bir advokat qo‘llab-quvvatlamadi. Aksariyati qanday qaror chiqarishni sudga havola qildi. Ularning aytishicha, bu ishga “davlat siri” darajasida baho berish mumkin.
Ammo sobiq vazir Aziz Voitovning advokati Temur Rahmatov vazirlik vakilining keltirgan sababi “davlat siri” emasligi, balki tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liqligi va shu sababli sud ochiq o‘tishiga mone’lik qiluvchi sabab yo‘qligini bildirdi.
Shuningdek, yana bir necha advokatlar iltimosnomani qanoatlantirmaslikni so‘radi. Sudlanuvchilarning aksariyati ham sudning ochiq o‘tishi tarafdori ekanini umumiy tarzda bildirib o‘tdi. Har bir advokat va har bir sudlanuvchidan fikrini so‘ramagan sudya Sodiqov esa iltimosnomani qanoatlantirishni ma’qul ko‘rdi.
Shunday qilib, dastavval sudning jurnalistlar tomonidan yoritilishi cheklangan, foto va videoga olish ta’qiqlangan, faqat yozib olishga ruxsat berilgan sud endi OAV uchun butunlay yopiq.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi PF-6247-son Farmoniga muvofiq, davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid ishlar bo‘yicha sud majlislari telekanallar, shuningdek, internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishi lozimligi belgilangan. Shunga asosan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur sud majlisi yuqoridagi Farmon talablari asosida jamoatchilik uchun ochiq tarzda o‘tkazilishi maqsadga muvofiq ekanligini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 167, 168, 184, 185-2, 189, 205, 206, 28,209, 209, 211, 228 va 243-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
29 nafar sudlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish”, 15 nafariga “garov“ va 6 nafariga “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq, Toshkent shahar sudlari Aziz Voitov va 49 nafar boshqalarga oid jinoyat ishida jurnalistlarning ish qurollaridan foydalanishi faqat sudga raislik qiluvchining ruxsati bilan amalga oshirilishini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi