Vengriya Ukrainaga yordam berishga qarshi chiqyapti. Nima uchun?
Olam
−
17 may 2023
12605Vengriya Yevropa Ittifoqining Tinchlik jamg‘armasi doirasida Ukrainaga beriladigan harbiy yordamning navbatdagi transhini ma’qullamadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakat yordamning faqat Ukrainaga yo‘naltirilishiga qarshi chiqqan va ushbu mablag‘lar boshqa sohalarga ham sarflanishi zarur deb hisoblagan.
“Vengriya Yevropa Ittifoqining boshqa mavjud vositalar qatori Yevropa tinchlik jamg‘armasidan faqat Ukraina uchun foydalanishiga rozi emas, chunki bu Ittifoqning boshqa sohalardagi manfaatlarini ilgari surish uchun yetarli mablag‘ni yo‘naltirishga imkon bermaydi”, deydi hukumat rasmiy vakili.
Uning aytishicha, bunday mablag‘lar Bolqon yoki Shimoliy Afrikaga ham yo‘naltirilishi kerak.
“Vengriya hukumati uchun bu masalalarga oydinlik kiritilishi juda muhim va shu sababli u Yevropa Tinchlik jamg‘armasidan keyingi transh ajratilishini ma’qullamadi”, deya qo‘shimcha qiladi Vengriya rasmiysi.
Ma’lumot uchun mazkur jamg‘arma 2021 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Yevropa Ittifoqining mojarolarning oldini olish, tinchlik o‘rnatish va xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash qobiliyatini oshirishga qaratilgan. Jamg‘arma hisobidan shu paytga qadar Ukraina uchun 3,6 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ajratilgan. Vengriya esa urush boshlanganidan buyon Ukrainaga biror marta harbiy texnika yetkazib bermagan.
Vengriya, shuningdek, Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarini ham tanqid qilib keladi. Ittifoq qonunlariga ko‘ra, uning barcha 27 a’zosi ma’qullagandagina biror qaror kuchga kirishi mumkin.
YeI Budapeshtning amaldagi hukumati sud mustaqilligini yaxshilash va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha islohotlarni amalga oshirmaguncha Yevropa Ittifoqi tiklanish jamg‘armalarining har qanday to‘lovlarini to‘xtatib qo‘ygan va buning natijasida uning Vengriya bilan aloqalari sovuqlashgan.
Vengriyaning 2010 yildan buyon hokimiyat tepasida turgan Bosh vaziri Viktor Orban migrantlar huquqlarini cheklash, shuningdek, nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va sudlar ustidan davlat nazoratini kuchaytirish haqidagi qarorlari yuzasidan Yevropa Ittifoqi va uning ijrochi organi Yevropa Komissiyasi bilan kelishmovchiliklarga sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriya Xalqaro jinoiy sud qaroriga qarshi Putinni qamamasligini ma’lum qilgandi. Shuningdek, mamlakat Shvetsiyaning NATOga kirishiga ham qarshi chiqqan.