Vengriyada ham Shvetsiyaning NATOga kirishi tasdiqlanmadi. Bunga sabab nima?

Olam

image

Vengriya parlamenti Shvetsiyaning NATOga kirishini hozircha ma’qullay olmaydi, chunki ko‘plab deputatlar shved siyosatchilarining Vengriya ichki ishlariga aralashuvidan xavotirda va bu alyansda ikki davlat o‘rtasida kelajakdagi hamkorlikni murakkablashtirishi mumkin. Vengriya Bosh vazirining siyosiy maslahatchisi Balaj Orban bugun, 26 mart kuni milliy parlament Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi bitimni 27 mart kuni ratifikatsiya qilishni rejalashtirayotgani, ammo Shvetsiya masalasini keyinga qoldirish niyatida ekanini tushuntirib berdi.

“Vaziyat oydek ravshan: Vengriya hukumati Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi, endi hammasi parlamentga bog‘liq. Ammo kichik bir muammo bor: Vengriya deputatlarining ayrimlari xavotirda, chunki ular so‘nggi yillarda Shvetsiya hukumati amaldorlari – vazirlar, Bosh vazirlar va siyosatchilar doimiy ravishda vengriyalik saylovchilarni va ularning vakillarini, shu o‘rinda, butun mamlakatni haqorat qilib, Vengriya demokratiyasining ahvoliga shubha bildirishdi”, deb yozgan Orban Facebook'dagi sahifasida.

Uning fikricha, shvedlar vengriyalik deputatlarni bu kelajakda muammo bo‘lmasligiga ishontirishlari kerak. Bosh vazir maslahatchisining aytishicha, hozirda Yevropa Ittifoqidagi ushbu ikki davlat siyosiy hamkorligi juda yomon ahvolda. Bu esa tomonlarning boshqa xalqaro alyans – NATOda hamkorlik qilishi vaziyatni qay tarafga o‘zgartiradi, degan savolni ko‘ndalang qo‘yadi.

“Vengriya Shvetsiya ichki siyosati bo‘yicha pozitsiyani egallamaydi va biz Shvetsiyadan Vengriya masalalariga ham xuddi shunday yondashishini kutamiz”, deydi Balaj Orban. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, vengriyalik deputatlar shved hamkasblaridan bu boradagi siyosiy bahslar ortda qolayotgani va kelajakda ikki tomonlama hamkorlikka hech narsa xalaqit bermasligi haqidagi kafolatlarini eshitishni istaydi.

Shuningdek, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ham joriy yilning 23-24 mart kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi sammiti chog‘ida Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson bilan suhbatda bularning barchasini aytib o‘tgan. Shu bilan birga, Shvetsiya Bosh vaziri Vengriyaga bosim o‘tkazishga urinishdan ogohlantirilgan, chunki bu parlamentdagi ratifikatsiya jarayonini sekinlashtirishi ma’lum qilingan. 

“Finlyandiya bilan maslahatlashuvlar chog‘ida bu muammolar hal etilgan va Vengriya parlamenti 27 martdagi yig‘ilishida uning ittifoqqa kirishini ma’qullashga qaror qilgan. Ammo, Shvetsiya misolida bu hali sodir bo‘lgani yo‘q va shuning uchun biz Shvetsiya hukumati va siyosatchilaridan Vengriya parlamenti a’zolarini tinchlantirishini kutmoqdamiz. Bizning maqsadimiz Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi iloji boricha ko‘proq deputatlar tomonidan ma’qullanishini ta’minlashdir”, deya xulosa qilgan Balaj Orban.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiya parlamentining Tashqi ishlar qo‘mitasi ham Finlyandiyaning NATOga a’zoligi haqidagi protokolni tasdiqlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Shvetsiya Vengriya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing