Venesuela Rossiya va Eron maslahatchilarini chiqarib yuborishi kerak – AQSH
Olam
−
08 yanvar 6035 2 daqiqa
AQSH hukumati Venesuela rasmiylaridan Rossiya, Kuba, Xitoy va Erondan kelgan maslahatchilarni mamlakat hududidan chiqarib yuborishni talab qilmoqda. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio 5 yanvar kuni amerikalik qonunchilar bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
Manbalarga ko‘ra, Rubio Venesuelaning yangi rahbari Delsi Rodrigesga bir qator talablar qo‘ygan. Ular orasida ushbu to‘rt davlatdan bo‘lgan razvedka xodimlari va harbiylarni, maslahatchi sifatida yoki boshqa vazifalarda bo‘lishidan qat’i nazar, mamlakatdan chiqarish talabi ham bor. Delsi Rodriges bu talablarga rozi bo‘lgan.
“The New York Times” gazetasining yozishicha, ushbu davlatlarning ayrim diplomatlariga Venesuelada qolishga ruxsat beriladi. Biroq xorijiy harbiy maslahatchilar va maxsus xizmatlar xodimlarining chiqarib yuborilishi Venesuela hukumati uchun juda sezilarli zarba bo‘lishi mumkin. Chunki kubalik maslahatchilar mamlakat xavfsizlik tuzilmalarida muhim rol o‘ynagan. Xususan, Nikolas Maduroning shaxsiy qo‘riqchilari orasida ham kubaliklar bo‘lgan. Ularning 30 nafari Maduroni qo‘lga olish bo‘yicha operatsiya vaqtida halok bo‘lgan.
Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Venesueladan Amerika kompaniyalarining mamlakat neft sanoatiga sarmoya kiritishi uchun qulay sharoitlar yaratishni kutmoqda. Venesuela hukumati ko‘rishi mumkin bo‘lgan choralar qatorida milliylashtirish siyosatini to‘xtatish hamda Ugo Chaves va Nikolas Maduro davrida milliylashtirilgan mulklar uchun AQSH kompaniyalariga kompensatsiya to‘lash masalasi bor.
Marko Rubio qonunchilarga Venesuelada saylovlar o‘tkazilishi yoki demokratiyani tiklash imkoniyati xususida bir og‘iz ham so‘z aytmagan.
Eslatib o‘tamiz, Venesuela yetakchisi Nikolas Maduro va uning rafiqasi 3 yanvar kuni Karakasda AQSH maxsus kuchlari tomonidan o‘tkazilgan harbiy operatsiya chog‘ida qo‘lga olingandi. Ular Nyu-Yorkda giyohvand moddalar savdosi va narkoterrorizm ayblovlari bilan sud oldida javob beradi.
Shundan so‘ng Delsi Rodriges Venesuelaning muvaqqat prezidenti sifatida qasamyod qilgan. U avval AQSHni tanqid qilgan bo‘lsada, keyinchalik Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlikka tayyor ekanini bildirgan.
Live
Barchasi