Venesuela Prezidenti vazifasini kim bajarishi ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Venesuela Oliy sudi mamlakat vitse-prezidenti Delsi Rodrigesni davlat rahbari Nikolas Maduroning o‘g‘irlab ketilishi munosabati bilan vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlashga qaror qildi. Bu haqda Konstitutsiyaviy palata qarorida aytilgan bo‘lib, uni VTV telekanali efirida palata raisi Karislija Beatris Rodriges o‘qib eshittirdi.

“Respublika prezidenti, fuqaro Nikolas Maduro Moroning o‘g‘irlab ketilishi oqibatida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatni inobatga olgan holda, bu holat uning o‘z vakolatlarini bajarishi uchun moddiy va vaqtinchalik imkonsizlikni yuzaga keltirayotganini hisobga olib, ijro etuvchi vitse-prezidentga Bolivar Respublikasi Venesuela prezidenti lavozimiga xos bo‘lgan barcha vakolatlar, majburiyatlar va funksiyalarni vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi maqomida qabul qilish va amalga oshirish topshirilsin. Bu qaror ma’muriy uzluksizlikni ta’minlash hamda millatni har tomonlama himoya qilish maqsadida qabul qilindi”, deydi Rodriges.

Sud, shuningdek, asosiy qonunda bevosita nazarda tutilmagan, biroq davlat barqarorligi, milliy xavfsizlik va hokimiyat organlarining uzluksiz faoliyatiga tahdid soluvchi favqulodda holatlar va fors-major vaziyatlari mavjudligini aniqlagan. Shu sababli sud ma’muriy vorislik va mamlakat mudofaasini ta’minlash uchun “shoshilinch va oldini oluvchi himoya chorasi”ni qabul qilgan.

Venesuela Konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident yo‘qligida davlat hokimiyati vitse-prezidentga o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 yanvar kuni tunda Venesuela poytaxti Karakas shahrida portlashlar sodir bo‘lgandi. Keyinchalik AQSH Prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar Venesuelaga keng ko‘lamli zarbalar berganini, Maduro esa rafiqasi bilan birga qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketilganini ma’lum qildi. Shuningdek, Venesuela yetakchisini qo‘lga olish operatsiyasi qanday tayyorlangani va qanday o‘tgani haqida ham tafsilotlar oshkor etildi. Hozirda Maduro Nyu Yorkdagi tergov izolyatorida saqlanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Venesuela Maduro vitse-prezident Delsi Rodriges

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing