Maduro Bruklindagi tergov izolyatoriga olib borildi (video)
Olam
−
04 yanvar 10458 2 daqiqa
Venesuela yetakchisi Nikolas Maduro Nyu-York shahridagi Bruklin tumanida joylashgan tergov izolyatoriga olib borildi. Kelasi hafta u Manxetten federal sudida giyohvand moddalar va qurol kontrabandasi bo‘yicha qo‘yilgan ayblovlar yuzasidan sud oldida javob beradi. Bu haqda CBC News xabar berdi.
Oq uy e’lon qilgan videolarda Maduro Giyohvand moddalar bilan kurashish boshqarmasi (DEA) agentlari yonida ketayotgani va ingliz tilida gapirishga urinayotgani aks etgan.
“Xayrli tun”, deydi u.
So‘ng u ispan tilida o‘ziga savol beradi: “Es buenas noches, no?” ya’ni “Xayrli tun, shunday emasmi?” Shundan keyin u xonadagi odamlarga yana “xayrli tun” deydi va oxirida “Yangi yilingiz bilan!” deb qo‘shimcha qiladi.
Bir kun avval AQSH Prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroning qo‘lga olinganidan keyingi ilk suratini e’lon qilgan edi. Suratda Maduro kulrang sport kiyimida, yuzida qora niqob, qo‘lida esa suv solingan butilka bilan tasvirlangan.
Surat ostida “Nikolas Maduro USS Iwo Jima kemasi bortida”, degan yozuv bor.
Tramp Venesuela Prezidentining qo‘lga olinishi haqida gapirar ekan, Monro doktrinasini eslatdi. Ushbu doktrina Amerika qit’asini boshqa davlatlarning aralashuvi uchun yopiq hudud deb e’lon qiladi. Shu paytda, Maduroning qo‘lga olinishi ortidan mamlakatdagi hokimiyatni vaqtincha qo‘lga olgan Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodriges uni zudlik bilan ozod qilishni talab qildi. U davlatni va uning resurslarini himoya qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 yanvar kuni AQSH Venesuelda maxsus operatsiya o‘tkazib mamlakat Prezidenti Nikolas Maduro va uning turmush o‘rtog‘ini asir olgan edi. Keyinroq AQSH hukumati ushbu operatsiya haqida batafsil ma’lumot berdi.
Live
Barchasi