Velosipedda Umra ziyoratiga borib, buyumlarini o‘g‘irlatgan o‘zbekistonlikka yordam ko‘rsatildi
Jamiyat
−
21 may
29741O‘zbekistonning Jiddadagi Bosh konsulxonasi diplomatlari ko‘magida Saudiya Arabistonining Makka shahrida qiyin moliyaviy ahvolda qolgan o‘zbekistonlik oilasi bag‘riga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar berdi.
Bosh konsulxona ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro G.M. Saudiya Arabistoniga Umra amallarini bajarish maqsadida borgan turmush o‘rtog‘i A.R. moddiy tomondan qiyin ahvolda qolgani sababli unga yordam ko‘rsatishni so‘rab murojaat qilgan.
A.R. Saudiya Arabistoniga Umra amallarini bajarish maqsadida O‘zbekistondan 30 mart kuni velosipedda yo‘lga chiqqan. U O‘zbekistondan Rossiyaga, u yerdan Gruziyaga borgan. Gruziya chegarachilari tomonidan u kelgan joyiga, Rossiyaga qaytarib yuborilgan. Shundan so‘ng A.R. "Vladikavkaz – Istanbul – Jidda" yo‘nalishi bo‘yicha Saudiya Arabistoniga yetib kelgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Makkada bo‘lgan vaqtida uning buyumlari va tegishli hujjatlari bo‘lgan sumkalari o‘g‘irlab ketilgan.
“Bosh konsulxona vakillari Makkadagi o‘zbekistonlik fuqarolar yordamida A.R.ni topishga erishdi va unga O‘zbekistonga qaytish uchun guvohnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, faol vatandoshlar ko‘magida “Madina-Toshkent” yo‘nalishidagi aviaqatnovga chipta sotib olib berildi. Yurtdoshimiz shu yil 17 may kuni sog‘-salomat oilasi bag‘riga qaytdi”, deyiladi agentlik xabarida.
LiveBarchasi