Vazir va ta’lim. Maktabdagi muammolar haqida vazir nima deydi?
Jamiyat
−
30 avgust
7418Kecha, 28 avgust kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova lavozimiga tayinlanganidan buyon birinchi marta ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari bilan matbuot anjumani o‘tkazdi. Anjumanda vazirlik rahbari jurnalistlar va jamoatchilik vakillarining savollariga javob berdi. Dastavval vazir Umarovadan bir necha hafta davomida muhokamalar markazidan tushmagan mavzu – fan olimpiadasi g‘oliblariga beriladigan mukofot va sportchilar olayotgan mukofotlar o‘rtasidagi tafovut haqida munosabati so‘raldi.
“Avval fan olimpiadalarida yutgan o‘quvchilarimiz faqat oliygohlarga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan. 2019 yil hurmatli Prezidentimizning qarorlari bilan xalqaro fan olimpiadalarida yutgan o‘quvchilar va ularning ustozlarini rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yildi”, deydi Hilola Umarova.
Vazir asosiy va ikkilamchi fan olimpiada g‘oliblariga beriladigan pul mukofotlarini eslatib o‘tgach, har yili sentyabr oyida katta taqdirlash marosimi o‘tkazilishini ma’lum qildi.
“Fan olimpiadalari har yili bo‘ladi, ya’ni 4 yilda bir marta emas, har yili yutish uchun imkoniyat bo‘ladi. Balki bu bizning ham kamchiligimizdir (kengroq yoritib berolmaganimiz). Biz endi har yili sentyabr oyida asosiy fan olimpiadalarida yutgan g‘oliblarimizni juda katta taqdirlash marosimini o‘tkazamiz”, deydi vazir.
Har yangi o‘quv yili boshida maktablarda o‘quv darsliklari yetishmovchiligi kuzatiladi. Vazirlik rahbariyati darsliklar yetishmovchiligi kuzatilishida ko‘proq ota-onalarni aybladi. Mutasaddilarning so‘zlariga ko‘ra, o‘quv yili boshlanishiga oz fursat qolganda o‘quvchilarning maktabdan-maktabga ko‘chishi darsliklar yetishmovchiligiga sabab bo‘ladigan asosiy omildir.
“Har bir hudud ehtiyojini ko‘rsatgan holda buyurtma beradi. Vazirlikda uni muvofiqlashtirib, o‘quv yiliga qadar barcha hududga yetkazib beriladi. Bir narsani aytmoqchimanki, darsliklar masalasida muammolar bo‘lishiga sentyabr oyida ham bu maktab emas, bu maktabga o‘taman, bu hududdagi maktab emas, boshqa hududga ko‘chaman degan masalalarimiz sabab bo‘ladi. Shu paytda logistik jihatdan ham muammolarimiz borki. Biz bu borasida ishlashimiz kerak bo‘ladi. Mana bu yil barcha hududlarda shtatlar tashkil etildi. Hudud rahbarlarining o‘zi mas’ul”, deydi vazir Umarova.
Mana 7 yildirki, maktab o‘qituvchilari oylik maoshi qachon ming dollar bo‘lishini kutmoqda. Vazir Hilola Umarova jurnalistlar savoliga javob berar ekan, 6 mingdan ortiq o‘qituvchilar bugungi kunda 1000 ming dollar maosh olayotganini aytdi.