189 ball olgan maktab bitiruvchilari soni 8 barobarga oshdi
Jamiyat
−
12:05 923 2 daqiqa
Joriy yilda oliy ta’limga kirishda maksimal – 189 ball olgan maktab bitiruvchilari soni o‘tgan yilga nisbatan 8 barobarga oshdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar qildi.
Vazirlik infografikasiga ko‘ra, joriy yilda 4 825 nafar maktab bitiruvchisi test sinovlarida 189 ball olgan. 2025 yilda bunday natijaga erishganlar soni 619 nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 101 nafarni tashkil etgan.

Shuningdek, to‘lov shartnomasi uchun o‘tish balli – 56,7 balldan past natija ko‘rsatgan bitiruvchilar soni ham o‘tgan yilga nisbatan 5 foizga, ya’ni 13 ming nafarga kamaygan.
Bundan tashqari, bitiruvchilarning oliy ta’limga kirish testlaridagi o‘rtacha balli ham oshgan. 2022 yilda bu ko‘rsatkich 76,3 ball bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilda 77,1 ball, 2024 yilda 78,0 ball, 2025 yilda 80,9 ballni tashkil etgan. Joriy yilda esa o‘rtacha natija 92,5 ballga yetgan. Ya’ni bu ko‘rsatkich so‘nggi bir yilda 11,6 ballga oshgan.

Hududlar kesimida o‘rtacha ball bo‘yicha Navoiy viloyati – 112,8 ball bilan yetakchi bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarda Buxoro viloyati – 110,8 ball va Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 94,8 ball qayd etilgan. Jizzax viloyatida esa o‘rtacha ball 91,9 ni tashkil qilgan.
Qolgan hududlar quyidagicha natijalar ko‘rsatgan:
- Navoiy viloyati – 112,8 ball
- Buxoro viloyati – 110,8 ball
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 94,8 ball
- Farg‘ona viloyati – 94,7 ball
- Toshkent shahri – 94,0 ball
- Xorazm viloyati – 93,0 ball
- Namangan viloyati – 92,0 ball
- Jizzax viloyati – 91,9 ball
- Sirdaryo viloyati – 91,6 ball
- Samarqand viloyati – 90,9 ball
- Qashqadaryo viloyati – 89,4 ball
- Toshkent viloyati – 88,0 ball
- Andijon viloyati – 87,8 ball
- Surxondaryo viloyati – 84,0 ball
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda jami 454 833 nafar bitiruvchi maktabni tamomlagan. Ularning 333 463 nafari, ya’ni 73 foizi test sinovlarida ishtirok etgan.
Bundan tashqari, 34 681 nafar bitiruvchi davlat granti asosida o‘qishga tavsiya etilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 4 800 nafarga ko‘p.

Davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi ham so‘nggi uch yilda 3,5 foizga oshgan. Bu borada Navoiy viloyati 52,5 foiz bilan birinchi o‘rinda. Buxoro viloyatida ko‘rsatkich 37,9 foiz, Jizzax viloyatida esa 35,9 foizni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilgi qabul jarayonlarida oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlarning 37,5 foizi test sinovlarida belgilangan eng kam ballni to‘play olmagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi