17 ta oliygoh endi Oliy ta’lim vazirligiga bo‘ysunadi
Jamiyat
−
10:31 1195 2 daqiqa
O‘zbekistondagi 17 ta oliygoh Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimiga o‘tkazildi. Bu haqda Prezident kecha, 2 oktyabr kuni imzolagan “Ayrim davlat oliy ta’lim muassasalarining boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorda so‘z boradi.
Hujjatga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi 17 ta oliy ta’lim muassasasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimiga o‘tkazildi. Amalda bu pedagog kadrlar tayyorlash bilan bog‘liq boshqaruv tugunlarining bitta vazirlik qo‘lida to‘planishini anglatadi.

Qaror bilan ko‘chirilgan muassasalarning 14 tasi pedagogika yo‘nalishida kadr tayyorlaydigan oliygohlardan iborat. Qolgan 3 tasi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida bo‘lgan. Jami 17 ta muassasa endi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tarkibida faoliyat yuritadi. Hujjatda keltirilishicha, o‘zgarish ayrim davlat oliy ta’lim muassasalarining boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish maqsadida qilingan. Ilgari pedagogik ta’limga oid oliygohlar ikki xil idora tizimiga bo‘linib ketgan edi: bir qismi maktab ta’limi vazirligiga, bir qismi agentlikka bo‘ysunardi. Endi ular yagona tizimda boshqariladi.
Hujjat bilan O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti deb qayta nomlangan. Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining pedagog kadrlar tayyorlash sohasidagi bir qator vazifalari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuklatilgan.
Ular quyidagilardan iborat:
- oliy ma’lumotli pedagog kadrlar tayyorlash siyosatini yagona konseptual yondashuv asosida yuritish;
- pedagogik ta’lim sohasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilash;
- pedagogik ta’limning uzviyligi va uzluksizligini, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etishni ta’minlash;
- pedagogika sohasida ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish;
- pedagogika bo‘yicha kadr tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari boshqaruvini takomillashtirib borish.
Live
Barchasi