Valyuta birjasidagi savdolar vaqti uzaytiriladi
Jamiyat
−
15:04 323 1 daqiqa
O‘zbekistonda ichki valyuta bozorini yanada rivojlantirish va banklarning valyuta operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 2026 yil 10 avgustdan boshlab valyuta birjasidagi savdolar vaqti uzaytiriladi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Yangi tartibga ko‘ra, valyuta birjasidagi savdolar har ish kuni soat 17:00 gacha davom etadi. Regulyatorning qayd etishicha, bu banklarga kun davomida valyuta likvidligini samarali boshqarish, mijozlarning to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirish hamda xorijiy valyutadagi to‘lovlar uzluksizligini ta’minlash imkonini beradi.
Shuningdek, valyuta birjasidagi savdolar yakunlariga ko‘ra 74 ta xorijiy valyutaning so‘mga nisbatan rasmiy kurslari 2026 yil 10 avgustdan boshlab har bir bank ish kuni soat 17:30 da Markaziy bankning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Rasmiy valyuta kurslaridan buxgalteriya hisobi, statistika va boshqa hisobotlarni yuritish, shuningdek, bojxona hamda boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblashda amaldagi tartib asosida foydalaniladi. Rasmiy valyuta kurslari uning veb-saytidagi “Valyutalar kurslari arxivi” bo‘limida muntazam joylashtirib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirgani haqida xabar berilgandi.