Vetnamning eng boy ayollaridan biri firibgarlik uchun o‘limga hukm qilindi

Olam

image

Vetnamning eng badavlat ayollaridan biri, Van Thinh Phat kompaniyasining 67 yoshli rahbari Chiong Mi Lan mamlakatdagi eng yirik banklardan birini talon-taroj qilgani uchun sud tomonidan o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda BBC xabar berdi

Ayblovga ko‘ra, Chiong Mi Lan Saigon Commercial Bank’dan pul o‘tkazish uchun soxta kredit arizalaridan foydalangan. Politsiyaning ta’kidlashicha, barcha SCB obligatsiyalari egalari – taxminan 42 ming kishi firibgarlik qurboni bo‘lishgan.

Lan va SCB xodimlarining Vetnam rasmiylariga qonunbuzarliklar va bankning yomon moliyaviy ahvolini yashirish uchun bergan 5,2 million dollar pora ham mamlakat tarixidagi eng yirik pora bo‘lgani xabar qilingan.

Sud Chiong Mi Lanni bankdan taxminan 12,5 milliard dollar miqdorida kredit olganlikda aybdor deb topdi. Biroq uning harakatlaridan ko‘rilgan jami zarar 27 milliard dollarga baholanmoqda.

Shuningdek, Chiong o‘z xodimlarini boshqaruvchi qilib tayinlash va o‘zi nazorat qilgan qobiq kompaniyalari tarmog‘i uchun yuzlab kreditlarni tasdiqlash orqali o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilganlikda ayblangan. Prokurorlarga ko‘ra, 2019 yilning fevral oyidan boshlab uch yil davomida u haydovchisiga bankdan 108 trillion dong (4 milliard dollardan ortiq) naqd pul olib, yerto‘lada saqlashni buyurgan.

Ayblanuvchi o‘z aybini tan olmadi.

Vetnam qonunchiligi shaxsning har qanday bankning 5 foizdan ortiq aksiyalariga egalik qilishni taqiqlaydi. Ammo prokurorlarning ta’kidlashicha, yuzlab shirkatlar va ishonchli shaxslar orqali Chiong Mi Lan SCB aksiyalarining 90 foizdan ortig‘ini samarali nazorat qilgan.

Vetnam matbuotiga ko‘ra, ko‘rsatma berish uchun 2700 kishi chaqirilgan, ishda 10 nafar davlat prokurori va 200 ga yaqin advokat ishtirok etgan. Ayblov materiallari umumiy og‘irligi 6 tonna bo‘lgan 104 qutiga to‘g‘ri keladi. Chiong Mi Lan bilan birga sudga yana 85 kishi, jumladan uning eri ham keldi. 

5 mart kuni boshlangan va muddatidan oldin yakunlangan sud jarayoni poraxo‘rlikka qarshi kurash kampaniyasining bir qismi bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

V'etnam Chiong Mi Lan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing