Vetnamning eng boy ayoli qatl etilishi mumkin
Olam
−
03 dekabr
7364O‘zining iqtisodiy jinoyatlari tufayli sudlangan Vetnamning eng badavlat ayollaridan biri Chiong Mi Lan apellyatsiya jarayonida mag‘lub bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Unga ko‘ra, agar u 9 milliard dollar to‘lamasa, o‘lim jazosiga tortilishi mumkin. Bu summa uning firibgarlik orqali qo‘lga kiritgan mablag‘ining 75 foiziga teng.
Ma’lum qilinishicha, 68 yoshli Chiong Mi Lan 2011-2022 yillar davomida Sai Gon Joint Stock Commercial Bank'dan 304 trillion dong (taxminan 12,5 milliard dollar) miqdorida kreditlar olgan. Bu Vetnamning 2022 yilgi yalpi ichki mahsulotining deyarli 3 foizini tashkil etadi. Uning jinoyatlari natijasida umumiy zarar 27 milliard dollar deb baholangan.
Vetnam qonunlariga ko‘ra, agar iqtisodiy jinoyatlar uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan shaxslar o‘g‘irlangan mablag‘ning 75 foizini qaytarib bersa, ularning hayoti saqlanib qolishi mumkin. Shunday qilib, Chiong Mi Lan 9 milliard dollar to‘lashga majbur. Uning himoyachilari apellyatsiyada unga nisbatan umrbod qamoq jazosi belgilanishini so‘radi, chunki o‘lim jazosi mavjud bo‘lganda, kerakli miqdorni yig‘ish ancha qiyinlashadi.
Sudning qaroridan keyin Chiong Mi Lan prezidentdan amnistiya so‘rash imkoniyatiga ega. Sud qarorining qachon amalga oshirilishi esa noma’lum, chunki Vetnamda o‘lim jazosi maxfiy hisoblanadi. Odatda hukm bilan o‘lim jazosining ijrosi o‘rtasida bir necha yil o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq dunyodagi eng yirik banklardan biri – Bank of China sobiq boshqaruvi raisi va partiya qo‘mitasi kotibi Lyu Lyange poraxo‘rlikda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilingandi. Xitoy Oliy xalq prokuraturasiga ko‘ra, Lyu 121 million yuanga (16,8 million dollar) teng pora olgan.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr