O‘zTestda katta o‘g‘rilik. Tashkilot buni tasdiqladi
3-sahifa
−
09 iyul 10416 2 daqiqa
Avvalroq, O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi – O‘zTest Buxoro viloyati hududiy filialida ayrim turdagi sinov va o‘lchash uskunalarining o‘g‘irlab ketilgani va tashkilotda 6 mlrd so‘m maqsadsiz sarflangani xabar qilingan edi. Mazkur holat yuzasidan O‘zTest munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, haqiqatan ham O‘zTest Buxoro hududiy filialida qiymati 150 million so‘mlik “Tormoznoy stend” sinov uskunasi hamda 250 million so‘mlik gazballonlarni o‘lchash vositalari o‘g‘irlangan. Mazkur holat aslida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Komplaens nazorat bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida aniqlangan bo‘lib, bu haqda hujjatlar darhol 2024 yil noyabr oyida Buxoro viloyati huquqni muhofaza qilish idoralariga yuborilib, aniqlangan holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Markaz tomonidan yuqoridagi holatlarga oid surishtirish ishlari yakunlangach, qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etiladi.
“Shuningdek, xabarlarda O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazida 6 mlrd so‘m mablag‘ maqsadsiz sarflab yuborilgani ham iddao qilingan. Bu xabar hech qanday haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va mutlaqo asossizdir. Agentlik Komplaens nazorati bo‘limi tomonidan tizim tashkilotlari, shu jumladan, Markazning moliyaviy faoliyati ustidan doimiy monitoring o‘rnatilgan”, deyiladi munosabatda.
Bundan tashqari, O‘zTest jamoatchlik fikrini chalg‘itadigan va yolg‘on ma’lumotlarni tarqatayotgan ijtimoiy tarmoq mas’ullaridan tiyilishni, huquqni muhofaza qilish idoralaridan esa bu kabi holatlarga vakolat doirasida tegishli choralar ko‘rishini so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyadan O‘zbekistonga olib kelingan 3 dona sinov laboratoriya jihozining biri tag-tugi bilan yo‘qolib qolgani va hududiy filialda 1 tonna 200 kilogramm va umumiy narxi 150 million so‘m miqdorida bo‘lgan “Tormoznoy stend” sinov uskunasi hamda 250 million so‘mlik gaz balonlarni o‘lchash vositasi o‘g‘irlangani xabar qilingandi.
Live
Barchasi