Piskent poligoni tugatilmoqda

Jamiyat

image

Bugun, 2 sentyabrdan boshlab avtomobillarni Piskent sinov majmuasida sinovlardan o‘tkazish amaliyoti to‘xtatiladi. Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, agentlik tomonidan iste’molchilar manfaatlarini ta’minlash va sifat kafolatiga ega bo‘lmagan avtomobillarni respublikaga olib kirilishini hamda yo‘llarda baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida 2024 yilning 1 noyabridan boshlab Piskent sinov majmuasida avtotransport vositalari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan texnik reglamentga muvofiq sinovlardan o‘tkazilgan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, respublikaga texnik reglamentga muvofiq transport turi ma’qullanmagan yengil avtomobillarning import qilingani ularning sinovlari birma-bir o‘tkazilishiga sabab bo‘lgan.

O‘zbekistonda 2024 yilgacha faqatgina 3 ta dilerlik markazlari faoliyat yuritgan bo‘lsa, ular atiga 15 ta avtomodel uchun turini ma’qullash hujjatini olgan. Hozirgi kunda esa 21 ta xorijiy kompaniyalarning rasmiy dilerlari o‘z faoliyatini boshlagan va 100 dan ortiq avtomobil rusumlariga turini ma’qullash hujjatlari rasmiylashtirilgan.

Buning natijasida iste’molchilarga sifati va xavfsizligi ta’minlangan hamda kafolatlangan avtotransport vositalarini yetkazib berish tizimi takomillashtirilgan. Shu tariqa iste’molchilarga rasmiy dilerlardan turli rusumdagi avtotransport vositalarini xarid qilish imkoniyati yaratilgan.

“Shu munosabat bilan respublikamizda rasmiy dilerlar va servis markazlari soni keskin oshgani hamda iste’molchilarning rasmiy dilerlar bilan ishlash amaliyoti joriy etilganini inobatga olib, 2025 yil 2 sentyabrdan avtomobillarni Piskent avtopoligonida sinovdan o‘tkazish amaliyoti to‘xtatiladi”, deyiladi xabarda.

Agentlik O‘zbekistonga import qilinayotgan avtomobillarning sifati va xavfsizligini ta’minlash doimiy nazorat qilinib, amaldagi talablarga ko‘ra, nomuvofiqliklar aniqlanganda, iste’molchilardan e’tirozlar kelib tushganda, ushbu avtomobillarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanishini bildirgan. O‘z o‘rnida, avtomobil xaridini rasmiy dilerlar orqali amalga oshirishlari tavsiya etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq  Piskent poligoni bilan bog‘liq mojaroli vaziyat sodir bo‘lgan edi. O‘shanda bloger poligon “ichkarisida” elektromobillarning hech nimasi tekshirilmasligi va vaqt o‘tkazib chiqarib yuborilishi aytilgan video tarqatgandi. Keyinroq esa “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi mazkur video yuzasidan munosabat bildirib,  ijtimoiy tarmoqlarga sizdirilgan videoda 2024 yilning noyabr oyidagi holat aks etganini, u hozirgi tekshiruvlar bilan mutlaqo bog‘liq emasligini bildirdi. Muassasa tekshiruvlar o‘tkazilmayotgani haqidagi xabarlarni esa “asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zTest Piskent poligoni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing