Dubay shokoladi hayot uchun xavfli deb topildi
3-sahifa
−
25 aprel 8132 2 daqiqa
“Fix dessert chocolatier” savdo brendi ostidagi Dubay shokolad mahsuloti ustidan nazorat tadbiri amalga oshirildi va unda inson salomatligi uchun xavfli bakteriyalar aniqlandi. Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, inspeksiya tomonidan “Eco bozor”ning Beruniy filiali savdo nuqtalarida sotilayotgan “Fix dessert chocolatier” brendi ostidagi Dubay shokolad mahsulotlari ustidan nazorat xaridi amalga oshirilgan.Tanlab olingan mahsulotlar sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash maqsadida “O‘zTest” DM sinov laboratoriyasiga topshirilgan.
Bayonnoma natijalariga ko‘ra, quyidagi nomuvofiqliklar aniqlangan:
- Mezofil aerob va fakultativ anaerob bakteriyalar (MAFAM), shuningdek, achitqi zamburug‘larning yuqori darajadagi mavjudligi;
- Koli guruhidagi bakteriyalar (BGKP) va “Salmonella 25 g” bakteriyasining mavjudligi, bu esa me’yoriy hujjatlarda qat’iyan taqiqlangan;
- Bunday ko‘rsatkichlar inson salomatligi uchun xavfli bo‘lib, ayniqsa allergik kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shuningdek, mahsulotning tashqi ko‘rinishi ham texnik reglament talablariga javob bermasligi aniqlangan. Xususan, UzTR.490-022:2017-sonli “Oziq-ovqat mahsulotini tamg‘alash yuzasidan xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglamentning tegishli bandlari talablari buzilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Andijon muzqaymog‘i” nomi bilan sotilayotgan muzqaymoqlarni iste’mol qilish hayot uchun o‘ta xavfli ekani aniqlangan edi. Uning qachon, qayerda, qay sharoitda va qanday mahsulotdan tayyorlangani haqida hech qanday ma’lumotlar mavjud emas. Hattoki, qadoqlarda mahsulotni qanday sharoitda va qancha muddatgacha saqlash mumkinligi ham keltirib o‘tilmagan. Shu sababdan ham ushbu mahsulotni iste’mol qilish hayot uchun o‘ta xavfli.