Leapmotor O‘zbekistonga ruxsatsiz kirgan avtomobillarni tan olmaydi – O‘zTest

Jamiyat

image

O‘zbekistonga norasmiy (ruxsatsiz) olib kirilgan avtomobillar Leapmotor kompaniyasi tomonidan tan olinmaydi va ular uchun rasmiy kafolat va xizmatlar taqdim etilmaydi. Bu haqda “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi davlat muassasasi” (O‘zTest) matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 13 aprel kuni “Leapmotor Automobile Co. Ltd.” kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi nomiga rasmiy murojaat xati yuborilgan. Ushbu murojaatda kompaniya O‘zbekiston hududiga ruxsatsiz distribyutorlar orqali olib kirilgan C16 rusumli avtomobil holatini tan olib, bunga oid muammolarni bartaraf etish bo‘yicha bir qator choralarni ko‘rishga tayyor ekanini bildirgan.

Xatga ko‘ra, Leapmotor kompaniyasi quyidagilarni tasdiqlamoqda:

  • O‘zbekiston Respublikasida faoliyatini faqat rasmiy distribyutor orqali davom ettiradi;
  • Norasmiy (ruxsatsiz) olib kirilgan avtomobillar kompaniya tomonidan tan olinmaydi va ular uchun rasmiy kafolat va xizmatlar taqdim etilmaydi;
  • Turni tasdiqlash hujjatini (OTTC) olish bo‘yicha sinov jarayonlari tez fursatda yakunlanadi;
  • Kelgusida O‘zTest bilan sifat nazoratini kuchaytirishga qaratilgan keng qamrovli hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

“Mazkur hamkorlik avtomobillar xavfsizligi, sifat va texnik talablarga muvofiqligini ta’minlashga xizmat qiladi. O‘zTest kompaniyaning ushbu tashabbusini yuqori baholaydi va foydalanuvchilarning xavfsizligini himoya qilishga xizmat qiluvchi barcha jarayonlarda faol ishtirok etishda davom etadi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Leapmotor kompaniyasining C16 modelli avtomobillari Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tekshiruvidan o‘tgani va avtomobillardagi elektromagnit shovqinlar BMT me’yorlaridan 16 barobar yuqori ekani, buning ortidan esa mazkur avtomobillarning O‘zbekistonga importi taqiqlab qo‘yilgani xabar qilingan edi.

Keyinroq esa elektromobillar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ijtimoiy tarmoqlar orqali Prezidentga murojaat yo‘lladi. Erkin bozor tarafdori ekanini aytgan tadbirkorlar davlat rahbaridan cheklovlarni olib tashlash va ochiq bozorni qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan. Mazkur holat ortidan Biznes-ombudsman munosabat bildirib, tadbirkorlarning murojaati qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yuzasidan Biznes-ombudsman devoni tomonidan o‘rganilayotganini ma’lum qildi.  

Ushbu voqealardan so‘ng Xitoyning Leapmotor avtomobillari O‘zbekistonda ushbu kompaniya mutaxassislari ishtirokida qayta sinovdan o‘tkazildi hamda avtomobillarda muammo aniqlanmagani sababli eksportga ruxsat berildi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zTest Leapmotor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing