O‘zTest rahbarlarining yuqori oyligi va xodimlarning maoshi cheklangani bo‘yicha munosabat bildirildi
Jamiyat
−
28 aprel 2023
12183O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” (O‘zTest) rahbariyatining yanvar-fevral oylaridagi katta miqdorda olgan oylik maoshlari va markaz ishchilari oyliklarida cheklovlarni yuzaga kelayotgani yuzasidan xabar bergan edik. QALAMPIR.UZ’da chop etilgan ushbu maqolaga nisbatan agentlik munosabat bildirib, xodimlarning oylik maoshi cheklanayotgani haqidagi xabarni rad etdi.
Ma’lum qilinishicha, agentlik rahbariyati tomonidan tuzilgan ishchi guruh mazkur holatlar yuzasidan o‘rganish o‘tkazdi. Unga ko‘ra, markaz rahbariyatining yanvar-fevral oylaridagi olgan oyliklari haqida to‘plangan barcha ma’lumotlarga huquqiy baho berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga taqdim etilganligini hamda markaz ishchilari oyliklarida cheklovlarni yuzaga kelayotgani to‘g‘risidagi ma’lumot o‘z tasdig‘ini topmaganligini aytib o‘tgan.
“Oylik ish haqi 6 aprel sanasida, aprel oyi uchun avans to‘lovlari 17 aprel, Ramazon hayiti bayrami munosabati bilan berilgan mukofot 19 aprel kuni va Mart oyi yakunlari bo‘yicha oylik mukofot to‘lovlari 27 aprel sanasida amalga oshirilganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Bayonot so‘nggida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Bosh direktori sha’niga nisbatan zid bo‘lgan, tasdiqlanmagan ma’lumotlarni berish yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan axborotni tarqatish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortilishi qayd etib o‘tilgan. Agentlik matbuot xizmati zarur holatlarda ma’lumotlarga aniqlik kiritish uchun barcha OAV va ijtimoiy tarmoqlar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ma’lum qilgan.
Biroq agentlik munosabatida O‘zTest buxgalteri va rahbarining olgan oylik maoshlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar rost yoki yolg‘onligi haqida aniq axborot berilmagan. QALAMPIR.UZ bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida agentlik matbuot xizmatiga murojaat qilganida ishchi guruh o‘rganishlar jarayonida rahbarlarning yuqori oylik maoshi olgani bo‘yicha tegishli hujjatlarni to‘plagani va ayni paytda Bosh prokuraturaga vaziyatga huquqiy baho berish maqsadida topshirganini ma’lum qildi. Aytilishicha, prokuratura o‘rganish ishlarini olib bormoqda.