O‘zPFL yoshini sun’iy kichraytirgan futbolchilar ishi prokuraturaga oshirilishini ma’lum qildi
Sport
−
07 Oktabr 2021
3651Bugun, 7 oktyabr kuni O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan biologik yoshini sun’iy kichraytirgan futbolchilar ishi prokuraturaga oshirilishi ma’lum qilindi.
Xabarda keltirilishicha, joriy yilning 28 sentyabr kuni O‘zPFL Superliganing ikki klubi biologik yoshini sun’iy kichraytirgan uch futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazgani haqida ma’lumot bergan, biroq klublar nomini ochiqlamagan. Holat aniqlangach, “Nasaf” va “So‘g‘diyona” jamoalariga futbolchilarning hujjatlarini haqiqiy tug‘ilgan yili bo‘yicha rasmiylashtirish harakatini boshlash va bu holat qonun doirasida hal etilishini ta’minlash uchun 20 oktyabrga qadar muhlat berilgan. Shuningdek, uch nafar futbolchining litsenziyalari olib qo‘yilgan.
“Xat yuborilgan kunning ertasiga, ya’ni, 29 sentyabr kuni “Nasaf” futbol klubi javob xati taqdim etdi va unda yuqoridagi ikki nafar futbolchi bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilingani hamda jamoadan chetlashtirilgani ma’lum qilindi. “So‘g‘diyona” futbol klubi esa 6 oktyabr kuni javob xati taqdim etdi. Unda futbolchining hujjati shu yilning 30 sentyabr kuni haqiqiy tug‘ilgan yili bo‘yicha belgilangan tartibda rasmiylashtirilgani ma’lum qilingan hamda hujjat nusxasi ilova qilingan”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, Qarshi shahri jamoasi bilan shartnomasi bekor bo‘lgan futbolchilar ishi viloyat prokuraturasiga oshiriladi:
“O‘zPFL “Nasaf” futbol klubining qarorini qo‘llab-quvvatlaydi, zero karerasini g‘irrom yo‘l bilan boshlaydigan futbolchilar va ularning ota-onalari keyinchalik boshqa illatlarga ham aralashmasliklariga hech kim kafolat bermaydi. Garchi ikki futbolchi klubdan chetlashtirilgan bo‘lsa-da, ularda boshqa klublar safida ham haqiqiy tug‘ilgan yili bo‘yicha rasmiylashtirilmagan hujjat bilan harakat qilish imkoniyati mavjud ekanidan kelib chiqib, O‘zPFL mazkur futbolchilar ishini qonuniy baho berish uchun tegishli viloyat prokuraturasiga oshiradi”.
Shuningdek, “So‘g‘diyona” futbol klubi tomonidan taqdim etilgan javob xatida O‘zPFL talabi qanoatlantirilgan hamda futbolchi kechikib bo‘lsa-da o‘z hujjatini haqiqiy tug‘ilgan yili bo‘yicha to‘g‘ri rasmiylashtirgan. Mazkur qonun buzilish holatiga vakolatli organ tomonidan huquqiy baho berilishi aytib o‘tilgan.
LiveBarchasi