Turkiyada muxolif mer va yana 35 kishini hibsga olishga order berildi
Olam
−
11 iyul 2175 2 daqiqa
Bugun, 11 iyul kuni Turkiya prokuraturasi Anqaradagi muxolifat nazoratidagi Chankaya tumani hokimi hamda yana 35 nafar shaxsni pora olish va davlat tenderlarida qoidabuzarlik qilish gumoni bilan qo‘lga olishga order berdi. Bu haqda Anqara Bosh prokuraturasi xabar qildi.
Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, gumondorlardan 27 nafari allaqachon qo‘lga olingan, qolganlarini qidirish ishlari davom etmoqda.
Anqaraning Chankaya tumani hokimi, Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) vakili Husayn Jan Gyuner X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida o‘zining qayerdaligini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lum qilganini va Anqaraga qaytib kelayotgan paytida uyida tintuv o‘tkazayotgan xodimlar uchun zaxira kalitini qoldirganini bildirgan.
“Lavozimga kirishganimizdan buyon ushbu muassasani imkoni boricha eng yaxshi tarzda boshqarib kelmoqdamiz va bizga ishonch bildirgan biror kishini uyaltiradigan hatto eng kichik xatti-harakatga ham yo‘l qo‘ymadik”, deydi Gyuner.
Ushbu operatsiya JXP boshqarayotgan munitsipalitetlarga nisbatan olib borilayotgan bir qator tergovlar ortidan amalga oshirilgan. Turkiya hukumati sud hokimiyati mustaqil ekanini ta’kidlamoqda. JXP esa ayblovlarni rad etib, mazkur tergovlar siyosiy sabablarga ko‘ra olib borilayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya huquq-tartibot idoralari o‘tkazilgan terrorizmga qarshi operatsiyalar davomida 209 kishini hibsga olgan edi.
Shuningdek, Turkiya poytaxti Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan NATO sammiti arafasida o‘tkazilgan alyansga qarshi namoyishlarda ham Turkiya Kommunistik partiyasi (TKP) vakillaridan bo‘lgan 100 dan ortiq kishi qo‘lga olingan edi.
Live
Barchasi