O‘zPFL “Dinamo” klubining hakamlik bo‘yicha bayonotini o‘rinli deb hisobladi
Sport
−
12:49 521 2 daqiqa
O‘zbekiston Professional futbol ligasi (O‘zPFL) Superliganing 22-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Dinamo” uchrashuvidagi bahsli vaziyatlar yuzasidan “Dinamo” klubi matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan videomaterial va unda ko‘tarilgan savollarni o‘rinli deb hisoblashini ma’lum qildi.
Liga xabariga ko‘ra, 2026 yilgi mavsumda professional futbol uchrashuvlarida faoliyat olib borayotgan hakamlarning ayrim epizodlarda yo‘l qo‘yayotgan xatolari xavotir uyg‘otmoqda.
“2026 yilgi mavsumda professional futbol uchrashuvlarida faoliyat olib borayotgan hakamlarning ayrim epizodlarda yo‘l qo‘yayotgan xatolari Ligani ham xavotirga solmoqda. Ayniqsa, o‘yin natijasiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan xatolarning davomli sodir etilayotgani Superligaga bo‘lgan ishonchga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shuni hisobga olgan holda, Liga o‘z vakolati doirasida ichki surishtiruv ishlarini Superliga 6-turidan keyinoq boshlagan. Jumladan, hakamlarning xalqaro maydondagi faoliyati ham qayta ko‘rib chiqilishi zarurligi masalasini ko‘targan”, deyiladi O‘zPFL bayonotida.
Shu o‘rinda Liga hakamlarning uchrashuvlardagi faoliyati Ekspert hakamlar qo‘mitasi tomonidan tahlil qilinishini ham eslatib o‘tgan. O‘yinlarda past baho olgan yoki jiddiy xatoga yo‘l qo‘ygan referilarga nisbatan jazo chorasi esa Liga tomonidan emas faqat O‘FA Hakamlar qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilishi ma’lum qilingan.
Shundan kelib chiqib, Liga O‘zFHM va umuman hakamlik sohasi tizimida jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirish lozimligi, bunda qanday mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq ekani borasidagi o‘z pozitsiyasini O‘FA rahbariyatiga taqdim etishini ham aytib o‘tgan.
PFL bayonotiga ko‘ra, “Dinamo” futbol klubi Superliga reglamentida belgilangan tartib bo‘yicha “Qo‘qon-1912” va “Navbahor” bilan o‘yin yakunida rasmiy shikoyat arizasi kiritmagan. E’tiroz faqat klub matbuot xizmati tomonidan keng jamoatchilikka olib chiqilgan.
Biroq shunga qaramay PFL “Dinamo” klubi matbuot xizmatining shubha va e’tirozlarida jon bor deb hisoblashini aytib o‘tgan va klub rahbariyatini bu kabi holatlarga reglament asosida munosabat bildirishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandning “Dinamo” klubi “Navbahor”ga qarshi uchrashuvdan keyin Superligadagi hakamlikdan norozi ekanini bildirib, bahsli epizodlar yuzasidan O‘zPFLni tekshiruvga chaqirgandi.
Live
Barchasi