“Bu ikki yuzlamachilikka qachon barham beriladi?” “Dinamo” hakamlikdan shikoyat qildi (video)
Sport
−
17:01 1980 3 daqiqa
Samarqandning “Dinamo” futbol klubi “Navbahor”ga qarshi uchrashuvdagi hakamlik qarorlaridan norozi ekanini bildirdi va ushbu uchrashuvdagi bahsli epizodlar yuzasidan O‘zbekiston professional futbol ligasini (O‘zPFL) o‘yinda ishlagan hakamlarni tekshirishga chaqirdi.
Samarqandliklar klub matbuot xizmati orqali tarqatgan bayonotida Benjamin Teydining Azizbek Amonovga nisbatan qo‘pol harakati qizil kartochkaga loyiq bo‘lganini bildirgan.
“Dinamo” ishtirokidagi o‘yinlarda hakamlik bo‘yicha hali avvalgi bahsli vaziyatlarga javob topilmay, hattoki FIFA hakamlari futbolchilarimizga nisbatan yaqqol qo‘pollikni ko‘ra turib, ko‘rmaslikka olishmoqda.
Siz ko‘rayotgan bu qo‘pollik kuni kecha o‘tgan “Navbahor” – “Dinamo” (3:2) o‘yinida ro‘y berdi va bu vaziyat takrori negadir translyatsiyada batafsil efirga uzatilmadi. Namangandagi o‘yinni boshqargan hakam Doston Rahmonov ko‘z o‘ngidagi yaqqol qo‘pollikni ko‘rmadi yoki ko‘rishni istamadi. VAR hakami sifatida ishlagan, mundialda ishtirok etib qaytgan Ilgiz Tantashev ham o‘yin qoidasi yaqqol buzilgan vaziyatni ko‘ra turib, ko‘rmaslikka oldi. Aks holda u bosh hakamni monitor qarshisiga chaqirib, “Navbahor” o‘yinchisi maydondan chetlatilardi”, deyiladi klub rasmiy shikoyatida.
Klubning ma’lum qilishicha, “Dinamo”ning “Surxon”ga qarshi o‘yinida oddiy vaziyatdagi ehtiyotsizlik uchun jamoa a’zosi Amadu Dumbuya maydondan chetlatilib, 3 o‘yinga diskvalifikatsiya va 10 mln so‘m jarimaga tortilgan. Teydining ataylab qilgan zo‘ravonligi esa hattoki sariq kartochkaga ham loyiq ko‘rilmagan.
“O‘zbek futbolidagi bu ikki yuzlamachilikka qachon barham beriladi?” deyiladi klub bayonotida.
Namanganda o‘tkazilgan “Navbahor” – “Dinamo” uchrashuvi 3:2 hisobida namanganliklar foydasiga hal bo‘ldi.
“Dinamo” klubi bu holat birinchi bor qayd etilmayotganini va FIFA hakami hisoblangan Ilgiz Tantashevni klubga nisbatan doimiy adovat bilan ishlab kelishda aybladi.
“O‘tgan mavsum aynan Tantashev janoblari Jizzaxda 90+12-daqiqada “Dinamo” darvozasiga penalti o‘ylab topgan va “So‘g‘diyona” bilan bahsda g‘alaba qo‘ldan chiqarilgandi. Jamoamiz shikoyatidan keyin Ilgiz Tantashevning qo‘pol xatosi tan olingan va uzr so‘ralgan bo‘lsa-da, yakunda o‘sha qimmatli 2 ochko “Dinamo”ni OCHL yo‘llanmasidan mahrum qildi. Oradan bir yil o‘tib – 25 avgust kuni Samarqandda “Dinamo” – “Paxtakor” bahsini boshqargan Tantashev bu safar Firdavs Abdurahmonovning golini inobatga olmadi. Mashhur hakamimizning “Dinamo”ga nisbatan qanday adovati borki, har o‘yinda bu nohaqlik davom etaversa?” deyiladi klub xabarida.
Bayonotda ikki tur avval Qo‘qondagi uchrashuvda VAR hakami Jasur Muxtorov ham yaqqol penalti berilishi mumkin bo‘lgan vaziyatda bosh hakamni monitor qarshisiga chaqirmaganligini yozdi.
“Dinamo” PFK navbatdagi murojaatida O‘zbekiston Hakamlar markazidan “Navbahor” bilan o‘yindagi bahsli epizod bo‘yicha ekspert hakamlarning rasmiy xulosasini so‘rashini ma’lum qildi.
Klub, shuningdek, O‘zPFL va MTRKdan uchrashuv translyatsiyasida mazkur vaziyat nega to‘liq va takroriy ko‘rsatilmagani yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazishni so‘radi.
Live
Barchasi