O‘zLiDeP bu mojarodan xalq ishonchini suiiste’mol qilayotgan bo‘lib chiqaveradi – Qodirov "UZAUTOMOTORS” mojarosi haqida

Jamiyat

image

Ma’lumki, joriy yilning mart oyida "UZAUTOMOTORS” Damas va Spark avtomobillarining narxini 21 foizgacha, Nexia, Cobalt va Lacetti narxini 15 foizgacha oshirishi ortidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasidan saylangan bir guruh deputatlar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga arz qildi. Shundan so‘ng, Qo‘mita “UZAUTOMOTORS” AJga “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilishi bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi. Uning so‘nggi muhokamasi 19 avgust kuni bo‘lib o‘tdi va AJ avtomobillar narxlarini 3 mlndan 19 mlngacha tushirishi yuzasidan qaror qabul qilindi. O‘z navbatida “UZAUTOMOTORS” ham bayonot bilan chiqib, narxlarni pasaytirish niyati yo‘qligi, bu bo‘yicha so‘nggi xulosani faqat sud berishi mumkinligini bayon qildi

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi raisi Alisher Qodirov nima uchun O‘zLiDeP “UZAUTOMOTORS” ustidan o‘zi shakllantirgan Hukumatga emas, balki Hukumatga hisobdor bo‘lmagan qo‘mitaga arz qilganidan hayratdaligini bildirdi. U o‘z Telegram sahifasida shunday yozadi: 

“O‘zavtomotors”ning yagona aksiyadori “O‘zavtosanoat”. “O‘zavtosanoat”ni yagona aksiyadori Hukumat. Hukumat saylovlarda eng ko‘p ovoz olgan O‘zLiDePning tavsiyasi bilan shakllangan.

O‘zLiDeP “O‘zavtomotors” masalasini o‘zi tavsiya qilgan Hukumatga emas, Hukumatga hisobdor bo‘lmagan Raqobat qo‘mitasi va Prokuraturaga arz qildi. Bu ishonchsizlikka sabab nima?

Muammoni sud tartibida ko‘rib chiqilishi, albatta, juda yaxshi, xalq haqiqiy holatdan xabardor bo‘ladi. Lekin sudning qarori qanday bo‘lishidan qat’i nazar, O‘zLiDeP bu muammoni avval Hukumat bilan muhokama qilishi kerak edi. Chunki monopolistlar bilan bog‘liq muammo faqat "O‘zavtomotors"da tugamaydi. Xalqqa qimmat avtomashina sotib zarar yetkazayotgan monopolistni sudga berib, tannarxidan arzon elektr energiya va gazni sotib, zararini byudjet mablag‘laridan qoplab kelayotgan boshqa monopolistni boshini silab rivojlanib bo‘lmaydi. Bozor talab va taklifga tayanib, manfaat uchun ishlab chiqaradi. Hamma narsa shaffof bo‘lishi kerak. Har ikki holat ham O‘zbekistonning rivojiga xizmat qilmaydi. Mamlakatda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar monopoliyalarni bosqichma-bosqich tugatish, bozorga moslashtirish, JSTga a’zolik sharoitida raqobatga tayyorlashni maqsad qilgan. Biz hali to‘liq bozor talablariga javob beradigan iqtisodiyotga ega emasmiz. Hukumat murakkab muvozanatni ushlab turish uchun nostandart qarorlar bilan ishlashga majbur bo‘layotganini rad etib bo‘lmaydi. Shunday sharoitda o‘zi tavsiya qilgan Hukumatning bu masaladagi fikrini eshitmasdan shovqin ko‘tarish, uzoqni o‘ylamasdan ish qilishdan boshqa narsa emas”.

Alisher Qodirovning qayd etishicha, O‘zLiDeP boshchiligida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan ochilgan ish sabab “UZAUTOMOTORS”ning xorijiy hamkorlar bilan boshlayotgan yirik loyihasi to‘xtatib qo‘yilgan. Bu esa minglab yangi ish o‘rinlari yaratilmasligiga sabab bo‘lishi mumkin. Qodirov agar bo‘lib o‘tgan voqealar kutilgan natija bermasa partiya yoki qo‘mitaning uzri yetarli bo‘lmasligiga ishora qildi. 

“Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, aynan shu munozara sababli “O‘zavtomotors”ning xorijiy hamkori tomonidan yirik loyiha to‘xtatib qo‘yildi. Bu minglab vatandoshlarimiz uchun rejalashtirilgan ish o‘rinlari edi.  Da’vo qanoatlantirilsa, yaxshi, avtomobil narxlari muvofiqlashtiriladi, xaridorlarga yetkazilgan zarar qoplab beriladi...

Qanoatlantirilmasa-chi?!

Mamlakatning avtomobilsozlik sohasida yo‘qotishlar, yetkazilgan zararni qoplash uchun Raqobat qo‘mitasi rahbariyatining iste’fosi yoki yetakchi partiyaning uzri yetarli bo‘ladimi?

Qaror qanday bo‘lishidan qat’i nazar o‘tgan besh yillikda ham, bu besh yillikda ham Hukumatni tavsiya qilgan (shu davr ichida avtomobil narxini belgilab bergan) O‘zLiDeP bu mojarodan xalq ishonchini suiste’mol qilayotgan bo‘lib chiqaveradi”.

Eslatib o‘tamiz, O‘zLiDePdan deputatlikka saylanganlar – Rasul Kusherboyev va Doniyor G‘aniyev “UZAUTOMOTORS”ning narxlarini pasaytirish borasida asosiy figurantlar sanaladi. O‘tgan haftadagi yig‘ilishdan keyin G‘aniyev bu masalada oxirigacha kurashishini aytgandi


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Qodirov UZAUTOMOTORS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing