O‘zingdan chiqqan baloga... Nazarboyevning sodiq odami uni “Elboshi” rutbasidan “mahrum qildi”
Olam
−
03 avgust 2022
16728Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning matbuot kotibi Aydos Ukibay o‘z xo‘jayinini “Elboshi” (“millat yetakchisi”) deb chaqirishni to‘xtatdi. Bu haqda “Zonakz” nashri yozmoqda.
Gap shundaki, kecha, 2 avgust kuni Ukibayning Twitter’dagi sahifasida e’lon qilingan xabarda Nazarboyevga nisbatan “Elboshi” rutbasi ishlatilmagan.
“Qozog‘istonning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev idorasi rahbari Mahmud Qosimbekovni 70 yoshga to‘lishi bilan tabrikladi”, deb yozdi Ukibay o‘zining Twitter’dagi rasmiy sahifasida.
Ushbu matnga ilovaga qilingan surat mahalliy nashrlarda ko‘plab savollarni keltirib chiqargan.
“Shunisi e’tiborga molikki, fotosuratda Qosimbekov Nazarboyevning imzosi aniq ko‘rinadigan qandaydir "mukofot", yaqinroqdan ko‘rilsa, gerbga o‘xshash belgili muhr bosilgan hujjatni ushlab turibdi. Agar muhr haqiqatan ham gerbli bo‘lsa, yanvar voqealaridan keyin o‘zini “pensioner” deb atagan sobiq prezident uni qanday qo‘lga kiritgani savol ostida qoladi”, deb yozadi nashr.
82 yoshini Turkiyaning Bodrum shahrida, oilasi va do‘stlari qurshovida nishonlagan Nursulton Nazarboyev o‘tgan hafta mamlakatga qaytdi. Nazarboyevning matbuot kotibiga ko‘ra, u ta’tilda chet el rasmiylari va biznes vakillari bilan hech qanday uchrashuv o‘tkazmagan.
Ma’lumot uchun, Ukibay o‘zining Twitter’dagi sahifasida so‘nggi bor Nazarboyevga nisbatan “Elboshi” rutbasini ishlatganiga 3 oy bo‘ldi. O‘shanda u birinchi Prezidentning 9 may Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alaba munosabati bilan tabrigini e’lon qilgandi.
Nazarboyevning sodiq odami Ukibay, 2015 yilda Nazarboyev universiteti Oliy biznes maktabini tamomlagan. 2016 yildan 2021 yilgacha Prezident Matbuot kotibi lavozimida ishlagan. 2021 yildan Birinchi Prezidentning maslahatchisi – matbuot kotibi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Elboshi maqomidan mahrum etilgan Nazarboyev
"Qonli yanvar" voqealaridan so‘ng, joriy yilning 5 iyun kuni Qozog‘iston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritishni ovoz beruvchilarning 77,18 foizi yoki 6,1 million kishi qo‘llab-quvvatladi. Saylovchilarning 18,66 foizi yoki 1 million 490 ming 470 nafari Konstitutsiyani o‘zgartishga qarshi ovoz bergan. MSK ma’lumotlariga ko‘ra, referendumda aholining 68,05 foizi (8 millionga yaqin fuqaro) qatnashgan. Qozog‘istonda jami 11,73 million fuqaro ovoz berish huquqiga ega.
Qozog‘iston Konstitutsiyasi matnining uchdan bir qismiga tegishli bo‘lgan jami 33 ta o‘zgartirish ovozga qo‘yildi. Asosiy o‘zgartirishlardan biri Konstitutsiyadan respublikaning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevga bag‘ishlangan moddaning chiqarib tashlanishidir. Tuzatishlar qabul qilinganligi sababli, u o‘zining ko‘pgina shaxsiy imtiyozlari va Elboshi (millat yetakchisi) maqomini yo‘qotdi, endi uning huquqiy pozitsiyasi sobiq Prezidentlar to‘g‘risidagi amaldagi qoida bilan tartibga solinadi. Nazarboyevning o‘zi Konstitutsiyadan uning nomini olib tashlashni qo‘llab-quvvatlagan.
O‘zgartirishlarda, shuningdek Qozog‘istonning bir Prezidenti ketma-ket ikki martadan ko‘p saylanishi mumkin emasligi, shu bilan birga u o‘z vakolati muddati davomida partiyadan chiqishi kerakligi ham nazarda tutilgan. Bundan tashqari, uning yaqin qarindoshlariga davlat xizmatchisi lavozimlarini egallash taqiqlanadi.