“O‘zim “kontrol”ga olaman, “detalniy” tekshiramiz”. Poytaxt prokurori Xanazarov ishini nazoratga oldi

Jamiyat

Joriy yilning 13 sentyabr kuni QALAMPIR.UZ’da “Polniy programma”da tergov qilingan tadbirkor oqlandi. Tuhmatchi va buyurtmachilar hamon ochiqda qolmoqda” nomli jurnalistik surishtiruv e’lon qilingan edi. 

Unda “Exspress Preg Dizayn” xususiy korxonasi rahbari Baxtiyor Xanazarov 2013 yilda tuhmat va bo‘hton bilan qamalgani, sud qarori bilan unga tegishli mol-mulklar musodara qilingani, o‘tgan vaqt mobaynida oqlanib, ozodlikka chiqqaniga qaramay, undan noqonuniy tortib olingan mulklar yoki ularga teng mablag‘lar qaytarilmagani haqida hikoya qilingandi.

Ushbu holat yuzasidan bugungacha faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi munosabat bildirdi.  Joriy yilning 30 sentyabr kuni esa tadbirkor Baxtiyor Xanazarovni Toshkent shahar prokurori Ulug‘bek Qosimov shaxsan qabul qildi.

“Meni 2013 yilda noqonuniy ravishda tergov qilishgan. Tergov davomida protsessual qoidalar buzilibgina qolmay, meni xatti-harakatlarimni noto‘g‘ri malakalab, bir nechta qonunga zid ayblovlar qo‘yishgan. Bundan tashqari, jabrlanuvchi va guvohlar tergovda ham, sudda ham o‘z ko‘rsatmalarida yolg‘on guvohlik berib, asossiz dalillar keltirishgan. Shundan so‘ng, Sergeli tuman Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi sudyasi To‘laganov ham dalillar muqobilligini tekshirmasdan noto‘g‘ri hukm chiqargan”, deydi Xanazarov Toshkent shahar prokurori Ulug‘bek Qosimovga yuzlanib. 

Murojaatchi so‘zida davom etarkan, bugungi kunda nimalardan norozi ekanini yotig‘i bilan tushuntirdi. 

“Men 2020 yilning 22 dekabr kuni JIB Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining ajrimi bilan to‘liq oqlandim. Lekin, bugungi kunga qadar menga tuhmat qilgan, yolg‘on guvohlik bergan va tergov o‘tkazgan, qolaversa, noqonuniy hukm chiqarganlar javobgarlikka tortilmayapti. Bundan tashqari, ularning orasida hozirgacha prokuratura tizimida faoliyat yuritib kelayotganlari ham bor. Ularning javobgarlikka tortilishi, shu bilan birga, tergov davomida menga tegishli bo‘lgan mol-mulklarning qaytarilishi adolatli bo‘ladi, deb hisoblayman”, deydi “Exspress Preg Dizayn” XK rahbari B.Xanazarov.

Tadbirkorning shikoyatini tinglagan Toshkent shahar prokurori Ulug‘bek Qosimov Xanazarovning aynan shu ishga aloqador 8 ta arizasini qabul qilib, prokuraturaning barcha bo‘limlariga ishni xolis o‘rganish, tekshiruv jarayonlarida Baxtiyor Xanazarovning ishtirokini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi. 

“Siz bilan bog‘liq vaziyatni juda yaxshi tushundim. Siz haqsiz. Hech kim nohaqsan, deb aytolmaydi. Sababi sud tomonidan oqlangansiz. Sizga tegishli ishni Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari Bahodir Abduvaliyevga topshiraman. Arizalaringiz prokuratura bo‘limlariga yo‘naltiriladi va birma-bir tekshiriladi. Shu bilan birga har bir arizani o‘rganish davomida o‘zingiz qatnashasiz, sizning ishtirokingizsiz hech narsa o‘rganilmaydi. Sizga tegishli binolarni kim xatlagani, qaysi riyeltorlik korxonasi ishlagani yuzasidan ham tekshiruv o‘tkazamiz. Ish natijasi bo‘yicha esa yana siz bilan gaplashamiz. Xotirjam bo‘ling! Bu ishni o‘zim nazoratga olaman”, deydi shahar prokurori.

Tadbirkor o‘zi bilan bog‘liq jarayon aslida Toshkent shahar prokurorigacha yetib kelmasdan hal bo‘lishi mumkinligini aytarkan, tergovchi va tuhmatchilar ustidan nazoratda “o‘yin” bo‘lganidan noroziligini bildirdi. Prokuror Qosimov esa bundan buyon ishda hech qanday “o‘yin” bo‘lmasligi, balki bu ishni shaxsan o‘zi nazoratga olishini ta’kidladi.

“Ishni o‘zim “kontrol”ga olaman. Tekshiruvda hech qanday “o‘yin” bo‘lmaydi. Hammasini “ detalniy” ko‘ramiz. Kim aybdor bo‘lsa, albatta, javob berishi kerak. Birovni nohaq javobgar qilish yaramaydi. O‘zbekistonni baxti – bu Prezidentimiz. So‘nggi besh yilda necha minglab odamlar oqlandi”, deydi Qosimov.

QALAMPIR.UZ ushbu surishtiruv doirasidagi faoliyatini davom ettiradi. Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlarni berib boramiz.

Jurnalistik surishtiruvni QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Voqea qanday bo‘lgan? 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudining 2013 yil 4 iyuldagi hukmiga ko‘ra Baxtiyor Xanazarov Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “b”, “v” bandlari, 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) va 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 3-qismi bilan aybdor, deb topilib, ushbu kodeksning 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash), 61-moddasi (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) ga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tashlik uchun uch yil muddatga tashkiliy boshqaruv, ma’muriy ho‘jalik vazifalarini bajarish bilan bog‘liq lavozimlarda va korxonalarda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. 

Shuningdek, mazkur jinoyat ishi doirasida Sanjar Shukurov, Mohira Abdukarimova, Kamola Irgasheva ham Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor, deb topilgan va javobgarlikka tortilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining 2013 yil 23 avgustdagi ajrimiga ko‘ra jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudining 2013 yil 4 iyuldagi hukmining B. Xanazarov, M. Abdukarimova va K. Irgashevaga oid qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2019 yil 22 yanvardagi ajrimiga ko‘ra jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining 2013 yil 23 avgustdagi ajrimining B. Xanazarovga tegishli qismi bekor qilinib, jinoyat ishi yangidan kassatsiya instansiyasida ko‘rish uchun yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining 2019 yil 20 iyundagi ajrimiga ko‘ra jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudining 2013 yil 3 iyuldagi hukmining B. Xanazarovga oid qismi o‘zgartirilgan. B. Xanazarovning harakatlarida Jinoyat kodeksining 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan reablitatsiya qilingan. B. Xanazarovning jinoiy harakatlari Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “b”, “v” bandlaridan ushbu moddaning 1-qismiga qayta kvalifikatsiya qilinib, unga shu modda bilan 1 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, B. Xanazarovning jinoiy harakatlari Jinoyat kodeksining 189-moddasi 3-qismidan ushbu moddaning 1-qismiga qayta kvalifikatsiya qilinib, unga shu modda bilan ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi, ushbu kodeksning 59, 61-moddalari tartibida uzil-kesil 1 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazo o‘talgan, deb hisoblangan. Hukmning qaror qismidagi sudlanuvchi B. Xanazarovdan pora predmeti sifatida davlat daromadiga 36 000 000 so‘m undirish qismi chiqarilgan. Hukmning qaror qismidagi Toshkent shahar, Chilonzor tumani, 7-mavzeda joylashgan “Express Proyekt Dizayn” xususiy korxonasiga qarashli “Sport va sog‘lomlashtirish majmuasi” hamda 5 dona kompyuterning sistema blok (keys) larini davlat daromadiga o‘tkazish bekor qilinib, mazkur bino-inshoot hozirda vijdonli sotib oluvchi tomonidan qonunda belgilangan tartibda sotib olinganligi inobatga olinib, sotilgan davridagi pul mablag‘i “Express Proyekt Dizayn” xususiy korxonasiga qaytarish belgilangan.

Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov xay’atining 2020 yil 29 iyundagi ajrimiga ko‘ra jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining 2019 yil 20 iyundagi B. Xanazarovga nisbatan chiqarilgan ajrimi bekor qilinib, jinoyat ishi yangidan kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rish uchun yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining 2020 yil 22 dekabrdagi ajrimiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudining 2013 yil 4 iyuldagi hukmining B. Xanazarovga oid qismi bekor qilingan. B. Xanazarovning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli aybsiz, deb topilib, reabilitatsiya etilgan. Jinoyat ishining unga oid qismi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan tugatilgan. 

Hukmning Toshkent shahar prokuraturasining depozit hisobraqamiga 2013 yil 23 fevraldagi to‘lov pattasiga asosan topshirilgan 984 715 so‘mni davlat daromadiga o‘tkazish, B. Xanazarov hisobidan davlat daromadiga pora predmeti sifatida 36 000 000 so‘m undirish, daliliy ashyo tariqasida olingan B. Xanazarovning shaxsiy bloknoti, B. Xanazarov tomonidan yozilgan qo‘lyozma, 2 dona ikkilamchi buxgalteriya daftarlarini jinoyat ishida saqlashlik uchun qoldirish qismi bekor qilingan.

Toshkent shahar, Chilonzor tumani, 7-mavzeda joylashgan “Express Proyekt Dizayn” xususiy korxonasiga qarashli “Sport va sog‘lomlashtirish majmuasi” hamda 5 dona kompyuterning sistema blok (keys) larini davlat daromadiga o‘tkazish qismi bekor qilingan.

Bino-inshoot hozirda vijdonli sotib oluvchi tomonidan konunda belgilangan tartibda sotib olinganligini inobatga olib, kassatsiya instansiyasi sotilgan davrdagi pul mablagi “Express Proyekt Dizayn” xususiy korxonasiga qaytarilishi belgilangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudining 2021 yil 10 iyundagi ajrimi ko‘ra B. Xanazarovning noqonuniy jinoiy javobgarlikka tortilganligi natijasida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirib berish haqidagi arizasi ish materiallari asosida o‘rganib chiqilib, uning arizasi qisman qanoatlantirilgan.

Ma’lumot uchun, 2021 yil 18 fevralda Toshkent shahar sudlari, Malaka xay’atining f-16-son farmoyishi asosida Jinoyat ishlar bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudining sobiq sudyasi X.Tulyaganovga xizmat tekshiruvini o‘tkazish JIB Uchtepa tuman sudi raisi D.Kamilovga topshirilgan. Shuningdek, Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudi sudyasi X.Tulyaganov 2014 yilda sud organlaridagi xizmatdan bo‘shab ketgan bo‘lsa-da, sud tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan va tekshiruv xulosasiga ko‘ra, “Murojaatda keltirilgan vajlar o‘z tasdig‘ini topmagan, deb hisoblansin va Jinoyat ishlar bo‘yicha Sergeli tuman sudi sudyasi X.Tulyaganov tomonidan B.Xanazarov va boshqalarga oid jinoyat ishi bo‘yicha qonun talablari buzilmagan, deb topilsin”, deb xizmat tekshiruvi tugatilgan.
"EXPRESS PROYEKT DIZAYN" XK rahbari B.Xanazarov bugungi kunda oqlangan bo‘lsa-da, lekin hamon unga nisbatan tuhmat qilganlar, tergov jarayonini olib borganlar va hukm chiqargan sudyaning masalasi ochiq qolmoqda.

QALAMPIR.UZ ushbu surishtiruv doirasidagi faoliyatini davom ettiradi. Qo‘shimcha ma’lumotlarni berib boramiz. 

Jurnalistik surishtiruvni QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Tergov Baxtiyor Xanazarov Polnыy programma Oliy sudi jurnalistik surishtiruv

Baholaganlar

118

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing