Eridan o‘ch olish uchun ikki farzandini o‘ldirgan ona 13 yilga qamaldi

3-sahifa

image

Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida 32 yoshli ayol turmush o‘rtog‘idan o‘ch olish maqsadida voyaga yetmagan 2 farzandini o‘ldirdi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Voqea joriy yilning 1 fevral kuni tungi vaqtda yuz bergan. Ijara xonadonga qaytgan ota uyida 2018 va 2022 yillarda tug‘ilgan 2 o‘g‘lining jasadini topgan. Xona esa gazga to‘ldirilgan, ayolning o‘zi tirik bo‘lgan.

Dastlab voqea gazdan zaharlanish bilan bog‘liqdek ko‘ringan. Biroq sud-tibbiy ekspertizasi bolalar is gazidan emas, mexanik asfiksiya oqibatida vafot etganini aniqlagan. Tergovda ma’lum bo‘lishicha, ayol eri bilan kelishmovchilikdan so‘ng undan qasos olishga qaror qilgan. U avval olti yoshli, keyin esa to‘rt yoshli o‘g‘lini bo‘g‘ib o‘ldirgan.

Shundan so‘ng, ayol jasadlarni bir joyga yotqizib, gaz plitasi va gaz jo‘mraklarini ochib qo‘ygan. Shu orqali farzandlarining o‘limini is gazidan zaharlanish holatidek ko‘rsatishga uringan. Ayol eriga xat ham qoldirgan va o‘z joniga qasd qilishga harakat qilgan. Biroq o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlar hamda ko‘rsatilgan tibbiy yordam sabab uning hayoti saqlab qolingan.

Joriy yilning 1 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Shirin shahar sudida ish ko‘rib chiqilgan. Sud ayolni ikki nafar farzandini qasddan o‘ldirishda aybdor deb topgan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “a” va “v” bandlari hamda 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilib, 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyati Zarbdor tuman sudi 77 yoshli taksi haydovchisini o‘ldirib, uning puli, telefoni va avtomashinasini egallagan shaxsga nisbatan 20 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing