“Polniy programma”da tergov qilingan tadbirkor oqlandi. Tuhmatchi va buyurtmachilar hamon ochiqda qolmoqda

Intervyu

Sud tomonidan chiqarilayotgan hukm shaxsni tarbiyalash, kelgusida ushbu jinoyatni qayta sodir etmaslik, jamiyat va fuqarolarga xavf tug‘dirmaslik hamda jinoyat uchun jazo muqarrarligini anglab yetishi uchun tayinlanadi.

Bugun sud hukmi o‘qilib qamalayotganlarning hammasi jazosiga yarasha sudlanyaptimi? El orasida qamalgan degan tamg‘a faqat aybdorlarga qo‘yiladimi? Bunda biz sevib alqayotgan ADOLAT bormi? 

QALAMPIR.UZ’dagi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 2018-2020 yillarning o‘zida, jami 2507 nafar shaxs oqlangan. Bundan ko‘rinib turibdiki, aynan shuncha kishi aybsiz aybdorga aylantirilgan. Bu davrlarda esa qanchadan qancha shaxslar huquq-tartibot organlari, sudlar va sudyalar, davlatga va tizimga nisbatan yuragiga nafrat, ishonchsizlik urug‘ini ekkan. 

Bugungi qahramonimiz ham sodir etmagan jinoyati uchun jazo muddatini o‘tadi. U o‘ziga tuhmat qilganlarning jazo olishidan umidvor. 52 yashar Baxtiyor Xanazarov to‘rt nafar farzandning otasi. U boshidan o‘tganlarni quyidagicha hikoya qiladi: 

“Men “Exspress Preg Dizayn” xususiy korxonasi rahbariman. 2012 yil iyul oyida, "Exspress Preg Dizayn" va “Arxedia Lux” MCHJ o‘rtasida yangi bino chizmasini chizib berish yuzasidan og‘zaki shartnoma tuzilgan edi. Iyul oyi oxirida 20 millionga loyiha “smeta” hujjatlarini bajarib berish yuzasidan kelishuv bo‘ldi. Bajarilgan ish uchun pulning yarmini naqd, qolgan qismini pul o‘tkazish yo‘li bilan to‘lashga og‘zaki kelishgan edik. Shartnomaga asosan biz loyiha ishlarini boshladik va uni yakunlab ekspertizaga topshirdik. Lekin, "Arxedia Lux” MCHJ rahbari MXX  (sobiq Milliy xavfsizlik xizmati – tahr.) raisi nomiga "Loyihani bajarish majburiyatini olib, naqd pul talab qilib, o‘z vaqtida bajarib bermadi" mazmundagi  ariza  topshirgani meni hayratlantirdi.
 
2013 yil 17 yanvar kuni MXX xodimi J.Sh. va uning qo‘l ostida ishlaydigan xodimlari ish joyimga kelib, kishanlab Sergeli tuman prokuraturasiga olib borishdi. 

Prokuratura xodimlari "Arxitektura va qurilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shukuruvga 500 AQSH dollari berganman”, deb yozib bersam, qo‘yib yuborishlarini aytishdi. Men, Shukurov bilan hech qanday oldi-berdi qilmaganman, u bilan kursdosh bo‘lganman. Ular esa pora berganim haqida dalillari borligini bildirishdi. Shukurov bilan pullik aloqa bo‘lmagani haqida qayta-qayta tushuntirishimga qaramay, ular ishonishmadi. Oxir-oqibat prokuratura xodimi "polniy programma"da olib boringlar”, deb chiqib ketdi.

"Polniy programma"da ish olib borgan prokuratura xodimlari tezkorlik bilan jinoyat ishi ochishadi. Moliyaviy ahvoli bir emas, bir nechta yaxshi advokatlarni sotib olishga yetgan Baxtiyor Xanazarovga Sergeli tuman prokurori o‘rinbosari Izzat Bozorov va tergovchi Alisher Muxtorov advokat yollashga, o‘z huquqini himoya qilishga imkon berishmaydi. “Senga advokat kerak bo‘lsa, o‘zimiz beramiz”, deb davlat tomonidan yollangan advokat Odilovni tanishtirishadi. Himoyachi mazkur ish MXX nazoratida ekanini, aybini tan olmasa, qaytib chiqmaydigan qilib qamab yuborishlarini aytib, ruhiy bosimlar o‘tkazadi. Oxir-oqibat Baxtiyor Xanazarov qisman iqrorman, deb yozib berishga majbur bo‘ladi

Ko‘rilayotgan ish kimnidir nazoratida bo‘lgani uchun haqiqatni gapirolmaslik, o‘z huquqlaridan foydalanmaslikka chidash mumkindir, lekin birov qilgan ayb uchun javob berishdan yomoni bo‘lmasa kerak. Murojaatchi o‘zi bilan sodir bo‘lgan noxaqliklar haqida gapirarkan, sizga tuhmat qilish kimga va nimaga kerak bo‘ldi, degan savol bilan murojaat qildik.

“Arxitektura qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Asomiddin Tojiyev 2012 yilda shahar hokimi roziligi bilan yer ajratib, qaror chiqargani uchun pul olishi kerak bo‘lgan. Kelishilgan pullarni olish uchun yordamchisini yuboradi. Yordamchisi pul olayotgan vaqtda MXX xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi va Asomiddin Tojiyevning oldiga olib kelinadi. O‘sha vaqtda Tojiyevning ukasi MXX tizimida ishlagan. Xullas ular o‘zaro gaplashib, Arxitektura qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rniga boshqa odam berish kerakligini aytishgan. O‘z-o‘zidan hech narsadan xabari yo‘q o‘rinbosariga meni pora berganlikda ayblab, ikkimizni ham qamashdi”, deydi Xanazarov. 

2013 yilning 17 yanvar kuni Sergeli tuman prokuraturasi tomonidan unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi, “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atib, shu kunning o‘zida Sergeli tuman IIB tergov hibsxonasiga joylashtiriladi. 19 yanvar kuni esa Sergeli sudi Xanazarovga “qamoq” tarzida ehtiyot chorasi qo‘llagan. 2013 yil 4 iyul kuni JIB Sergeli sudining hukmi bilan Xanazarov 7 yilga ozodlikdan mahrum etiladi.

“Meni Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida joylashgan 47-JIEMga yuborishdi. U yerda 11 oy jazo muddatini o‘tadim. Muassasadan turib hech kimga murojaat qilishni imkoni bo‘lmadi. Sababi arizalarim tashqariga chiqmasdi. Men har bir yozgan murojaatimda “MXX menga nisbatan zo‘ravonlik qildi, Sergeli prokuraturasi hujjatlarni soxtalashtirdi, JIB Sergeli tuman sudi adolatsiz hukm chiqardi” , deb yozardim. 2014 yil kuz oylarida uyga kelishim bilan jazoni ijro etish muassasalarida yozolmagan gaplarimni qog‘ozga tushirib, tegishli tashkilotlarga murojaat qilishni boshladim.

2019 yil boshigacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentidan, Sergeli tuman prokuraturasigacha bo‘lgan turli idoralarga 500 dan ortiq murojaatlar yo‘llaganman. Ularning deyarli barchasidan rad javobi kelgan. Ayrimlari esa loqal javob xati ham berishmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasiga bordim. U yerda aynan shu qabulxona rahbari Baxtiyor aka bilan uchrashdim. Barcha hujjatlarimni taqdim qilib, meni tuhmat bilan qamashgani, pora olmagan odamni ham olganlikda, meni esa pora berishda ayblab, qamab yuborishganini aytdim”, deydi murojaatchi.

Bir necha yildan buyon so‘rovlariga tegishli javob ololmayotgan Baxtiyor Xanazarov bilan suhbatlashgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi rahbari, Oliy sudga qo‘ng‘iroq qilib, murojaatchining muammosini o‘rganish va zudlik bilan javob qaytarish kerakligini aytgan. Qabulxona rahbari tomonidan vaziyat nazoratga olish buyurilganidan so‘ng, Oliy sudda Baxtiyor Xanazarovning ishi qayta ko‘rib chiqilishi boshlanadi.

2019 yilning 19 yanvar kuni Oliy sud raisining o‘rinbosari Oliy sud sudyasi U.Ro‘ziyevning ajrimi bekor qilinib, ish Oliy sud sudlov hay’atiga o‘tkazilgan. 22 yanvar kuni Oliy sud sudlov hay’atining ajrimi bilan JIB Toshkent shahar sudi, kassatsiya instansiyasining 2013 yilning 23 avgustdagi ajrimini unga tegishli qismi bekor qilinib, jinoyat ishi qayta ko‘rilishi uchun kassatsiya instansiyasiga yuborilgan. 2019 yil 20 iyun kuni JIB Toshkent shahar sudi, kassatsiya instansiyasi ajrimi bilan korxona rahbari B.Xanazarovdan O‘zbekiston Respublikasi JKning 210- va 243-moddalari olib tashlanadi. 2020 yilning 22 dekabr kuni "Exspress Preg Dizayn" XK raxbari B.T.Xanazarov JIB Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining ajrimi bilan to‘liq oqlanadi. 

“Menga ikkita arizachi tuhmat qilgan, 100 foiz yolg‘on ko‘rsatma bergan. Dastlabki tergovlarda, sud majlislarida ham noto‘g‘ri ko‘rsatmalar berishgan. Oqlov hukmi o‘qilgan vaqtda bularning barchasi o‘z isbotini topdi. Men oqlanganim, ularning yolg‘on ko‘rsatma berganlari sud majlisi bayonnomalariga kiritilgan, lekin ajrimda yo‘q. Shu kungacha ularning hech biri javobgarlikka tortilmadi”.

Eslatib o‘tamiz: Jinoyat kodeksining 238-moddasida Yolg‘on guvohlik berganlik uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, yolg‘on guvohlik berish, ya’ni surishtiruv olib borish, dastlabki tergov chog‘ida yoki sudda guvohning yoki jabrlanuvchining bila turib yolg‘on ko‘rsatuv berishi yoxud ekspertning bila turib yolg‘on xulosa berishi, xuddi shuningdek tarjimonning bir tildan ikkinchi tilga bila turib noto‘g‘ri tarjima qilishi — uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

“Toshturma”da bo‘lgan vaqtimda korxonamga tegishli “Cport sog‘lomlashtirish majmuasi”da tintuv uyushtirilgan. Tekshiruvda ikkilamchi buxgalteriya daftari topildi, deb aytishgandi. Ofisdan korxonaga tegishli ikkita muhr olib, hech kimning familiya-ismi yo‘q daftarga muhr bosishgan. Tergov jarayonida esa “ikkilamchi buxgalteriya daftari topildi va unda katta-katta summalar keltirilgan”, deb ham iddao qilishgan. Men pora olmagan va bermaganman. Shuningdek, korxonada ham ikkilamchi buxgalteriya hisoblari yuritilmagan. O‘sha vaqtda menga tegishli majmua ham davlat foydasiga musodara qilingan.

Jazo muddatini o‘tab chiqqanimdan keyin bilsam, 2014 yil fevral oyida 1 mlrd 305 mlnga baholangan “Cport sog‘lomlashtirish majmuasi”ni, 1 mlrd 387 mlnga sotib yuborishgan. Oqlov hukmi e’lon qilinganidan so‘ng, menga tegishli bo‘lgan, “Sport sog‘lomlashtirish majmuasi” qancha pulga baholangan bo‘lsa, aynan shu summani berishlari keltirilgan. Menga binoning baholangani emas, o‘zi kerak.

Men bir narsaga tushunolmay qoldim, majmuani Navoiy kon-metallurgiya kombinati rahbari Sanaqulov sotib olgan. U o‘ziga tegishli firma nomiga sport va sog‘lomlashtirish majmuasini rasmiylashtirib olgan. Bugun esa bu bino suzish federatsiyasi sifatida faoliyat olib bormoqda. Mendagi norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Sanaqulovning jiyani MXX tizimida J.Sh. bilan ishlagan. Sog‘lomlashtirish markazi haqida gap ketganda, yana bir narsaga alohida to‘xtalgan ma’qul. Oqlovning ikkinchi ajrimida menga tegishli korxonaning mulki qonunga xilof tarzda olingani yozilgan. Noqonuniy olib qo‘yilgan sport majmuasi qanday qilib qonuniy sotilgan, degan savolga javob topolmayapman”, deydi Baxtiyor Xanazarov.

Eslatib o‘tamiz: Jinoyat kodeksining 2301-moddasida Isbotlashni amalga oshirayotgan shaxslar yoki isbotlashda ishtirok etish uchun jalb qilinayotgan shaxslar tomonidan dalillarning tergovga qadar tekshiruv va jinoyat ishlari materiallari bo‘yicha dalillarni to‘plash, tekshirish va baholash chog‘ida g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda hujjatlarga yoxud ashyolarga bila turib yolg‘on ma’lumotlarni kiritishda va o‘zga buzib ko‘rsatishlarda namoyon bo‘ladigan soxtalashtirilishi (qalbakilashtirilishi), —  bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
 
Xanazarovga qo‘yilgan ayb olib tashlangan va u oqlangan bo‘lishi mumkin, lekin tergovning noto‘g‘ri o‘tkazilgani, bir inson huquqining buzilishi, uning jamiyatdagi nufuzi, obro‘-e’tiboriga putur yetishi haqida kim o‘ylaydi? Bo‘lgan voqealar haqida aytib bergan Baxtiyor Xanazarov unga qo‘yilgan ayb olib tashlangani bilan tergovda qatnashgan va yolg‘on guvohlik berganlar javobgarlikka tortilmagani, eng achinarlisi esa pora olishda ayblangan Arxitektura va qurilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shukurov ham shunchaki tuhmat uchun “qamaldi”, degan tamg‘ani olganini aytmoqda. 

Eslatib o‘tamiz: Fuqarolik kodeksida zarar yetkazganlik uchun javobgarlikning umumiy asoslari belgilangan. Bu boradagi munosabatlar fuqarolik ҳuқu­қиniнг muhim institutlaridan biri hisoblanadi. Xususan, Fuqarolik kodeksining 1021-moddasida qayd etilganidek, ma’naviy zarar, uni yetkazuvchining aybi bo‘lgan taqdirda, zarar yetkazuvchi tomonidan qoplanadi.
Ma’naviy zarar fuqaroning sha’ni, qadr-qimmatini kamsitadigan, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar tarqatish, fuqaroning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazish, fuqarolar va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan boshqa huquqlarini buzish orqali yetkazilishi mumkin. Lekin, o‘tgan vaqt davomida Baxtiyor Xanazarov sha’ni, qadr-qimmati poymol bo‘lishi bilan birga, uning umri, sog‘lig‘i nohaq ko‘kka sovrildi. Umrga tatigulik zararni, bizning fikrimizcha, chegarasi bo‘lmasa kerak. 2020 yilning 22 dekabr kuni to‘liq oqlangan murojaatchi Xanazarovga moddiy va ma’naviy zarar to‘lab berildimi?

“Yo‘q. Uchtepa tumani sudi tomonidan 50 million so‘m ma’naviy zarar qoplanishi aytildi. Ushbu zararni esa Moliya boshqarmasi to‘lar ekan. Bir narsani aniq aytishim mumkin, meni aybdor deb yolg‘on guvohlik bergan, noto‘g‘ri tekshiruv o‘tkazishgan va soxta dalolatnoma tuzishgan. Qolaversa, Toshkent shahar Soliq boshqarmasi xodimlari korxonamga tegishli Sport-sog‘lomlashtirish majmuasini davlat foydasiga jinoyat predmeti sifatida musodara qilgan. Markazni o‘zlashtirganlar hammasi bir chekkada qolib ketyapti va zarar ham qoplanmayapti.

Menga tuhmat qilganlar: korxonamda soxta tekshiruv o‘tkazgan soliq, departament, prokuratura xodimlari, adolatsiz hukm chiqargan sudya, ularning barchasiga xizmat tekshiruvlari o‘tqazilishini so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Adliya vazirligi, Bosh prokuror, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatalari va bir qator yuqori idoralarga murojaat qildim. Menga qilingan noxaqliklar o‘z isbotini topmaguncha va haqiqiy jinoyatchilar jazolanmaguncha, kurashishda davom etaman”.

Yuqoridagi holatda tergovchi tergov jarayonida o‘z manfaatlarini ko‘zlab yoki kimningdir buyrug‘iga ko‘ra shaxsni huquq va manfaatlarini poymol qilib, uni nohaq aybladi ham deylik, lekin sud nega bunday xatolarga ko‘z yumdi?! Nega odil sudlovni ta’minlamadi, degan savollar tug‘ilishi tabiiy. Eng achinarlisi, tergov va sud jarayonida turli xil protsessual xatolarga yo‘l qo‘yilgani ayyon bo‘lsa-da, tergovni olib borganlar yolg‘on guvohlik berganlar, hukm o‘qiganlar bugungi kunda hech qanday jazosiz qolmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining “Sudlar hukmi to‘g‘risida”gi plenum qarorida “Ishda to‘plangan dalillarning yetarli emasligi, dalillar qonunga zid ravishda olinganligi sababli ular dalil hisoblanmasligi yoki qo‘yilgan ayblovda sudlanuvchining to‘liq aybdorligi to‘g‘risidagi shubhani bartaraf qilishning imkoni yo‘qligi haqidagi sudning asoslantirilgan xulosasi oqlov hukmi chiqarish uchun asos bo‘ladi”, deb ta’kidlab o‘tilgan. Shunday esa-da ushbu fuqaroni aybsizligini bila turib, uni jazoga tortish sudyalar qanchalik “odil”, “xolis” bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Xulosa sizdan!
 

 

Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat prokuratura Sud Baxtiyor Xanazarov jazo muddati Oqlov hukmi

Baholaganlar

194

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing