“O‘zbekkonsert”da navbatdan tashqari yig‘ilish: Otajonovning litsenziyasini tugatish masalasi ko‘rilyapti

Madaniyat-san’at

5fa8d77d-d76c-4d73-1268-6c3044a4e120

Avvalroq, jamoatchilik xonanda Jahongir Otajonovning litsenziyasini olib qo‘yishni talab qilayotgani haqida xabar bergan edik.

Yashin tezligida tarqalgan ushbu xabar Otajonovgacha yetib bordi va u ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqish qilib "Agar meni litsenziyamni olish bilan butun xalq ma’naviyatli bo‘lib qolsa, ol litsenziyamni", dedi. U o‘z so‘zida o‘zini otarchi ekanini aytadi va millat ma’rifatparvarlari Alisher Navoiydan tortib Abdulla Qahhorgacha o‘z davrida taqiqlarga uchraganini qo‘shimcha qiladi.

QALAMPIR.UZ manbasining xabar berishicha, bugun, 14 oktyabr kuni erta tongdan "O‘zbekkonsert" davlat muassasasida Jamoatchilik kengashining navbatdan tashqari majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda xonanda Jahongir Otajonov masalasi ko‘rilmoqda. 

Tahririyatga ma’lum bo‘lishicha, Otajonovning jamoatchilik va litsenziya beruvchi organga bepisandligi, tartib-qoidalarni buzishi litsenziyadan mahrum etishga sabab bo‘lishi mumkin. Jamoatchilik kengashi unga yana bir imkon beradimi yo masalani uzil-kesil hal etadimi, hozircha noma’lum. Kunning birinchi yarmiga qadar kengash qarori e’lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 oktyabr kuni "O‘zbekiston" telekanali orqali efirga uzatilgan “Munosabat” tok-shousida studiya monitorida xonanda Jahongir Otajonovning yerga yotgancha qo‘shiq kuylayotgani, ustidan esa pul sochilayotgani tasvirlangan video namoyish etildi. Ushbu video Samarqand viloyati Urgut tumanida bo‘lib o‘tgan to‘yda suratga olingan. 

Ko‘rsatuvda qayd etilishicha, milliy qadriyatlarimizni toptash, davlat ramzlari tushirilgan pullarni sochish qonun buzlishidan boshqa narsa emas. Agar shunday hodisa chet elda ro‘y bersa, chora ko‘riladi. 

“Mana, san’atkorning ahvoli, mana, ma’naviyat darajamiz”, deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova.

Videodagi holat bo‘yicha ko‘rsatuvda jamoatchilik o‘z fikrini bildirdi. “Biz qashshoq va boy mamlakatlar ro‘yxatida 127-o‘rinda turibmiz. Men o‘qib hayron qoldim. Biz pul sochadigan darajada emasmiz”, deydi jurnalist Quddas A’zam. 

Ma’lumot o‘rnida, To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tuzilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekov va “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahhorov mazkur komissiya a’zolari hisoblanadi. 

Eslatib o‘tamiz, kecha, 13 oktyabr kuni 10 yildan ortiq vaqt davomida taqiqdan bo‘lgan xonanda Ozoda Nursaidovaga erkin ijod qilish va qo‘shiqlarini targ‘ib qilish imkoni berildi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekkontsert Jahongir Otajonov

Baholaganlar

244

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing