O‘zbekistonning Saudiyadagi elchisi faoliyatini tugatdi

Jamiyat

image

Bugun, 23 mart kuni O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi Favqulodda va muxtor elchisi Ulug‘bek Maqsudov arab mamlakatidagi diplomatik missiyasini yakunlab, O‘zbekistonga qaytmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Ulug‘bek Maqsudov O‘zbekistonning Saudiyadagi elchixonasini 2018 yilning may oyidan beri boshqarib kelgan. Shuningdek, u bosh qarorgohi Jidda shahrida joylashgan Islom hamkorlik tashkilotidagi O‘zbekistonning doimiy vakili ham bo‘lgan. 

Qirollik rasmiylari bilan o‘tgan xayrlashuv uchrashuvlarida so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni munosabatlari sezilarli darajada faollashgani ta’kidlangan, 2022 yil 17-18 avgust kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi va 2023 yil 19 iyul kuni Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan qirollikda bo‘lgani xotirlangan. 

Ayni paytda Toshkent shahrida Tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi, 2025 yilda esa "Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" strategik muloqoti bo‘yicha davlat rahbarlari sammitiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
 
Manbaga ko‘ra, hozirgi vaqtda Saudiya Arabistonining O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan jami sarmoyasi 30 milliard dollardan ortiqni tashkil etadi. Joriy yilning 2-3 may kunlari bo‘lib o‘tadigan 3-Toshkent xalqaro investitsiya forumida Saudiya Arabistoni biznesining faol ishtiroki kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Singapur va Avstraliyadagi elchisi o‘z missiyasini yakunlagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Saudiya Arabistoni elchi Ulug'bek Maqsudov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing