O‘zbekistonning Belarusdagi yangi elchisi ish boshladi
Jamiyat
−
05 fevral
3302O‘zbekiston Belarusga yangi elchi tayinladi. Minskda 2021 yildan buyon elchixona maslahatchisi, Muvaqqat ishlar vakili vazifasini bajarayotgan Rahmatulla Nazarov O‘zbekistonning favqulodda va muxtor elchisi o‘laroq o‘z vazifasini bajarishga kirishdi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
Rahmatulla Nazarov 2018-2021 yillarda elchixonani boshqargan Nosirjon Yusupov o‘rniga tayinlangan.
U 53 yoshda. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1995 yilda Toshkent shahridagi tijorat tuzilmalarida boshlagan. 1997 yilda Tashqi ishlar vazirligiga Shartnoma boshqarmasining attashesi lavozimiga ishga qabul qilingan, keyinroq boshqa bir qator boshqarmalarda turli lavozimlarda, jumladan, Tashqi ishlar vazirligining boshqarma boshlig‘i, shuningdek, Belgiya va Qirg‘izistondagi elchixonalarda, Shanxay hamkorlik tashkiloti ishlari bo‘yicha milliy koordinator sifatida ishlagan. O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida, Toshkentdagi SHHT Xalq diplomatiyasi markazining birinchi direktori bo‘lgan hamda Senat a’zosi etib saylangan.
Belarusga tayinlanishidan oldin u tashqi ishlar vaziri maslahatchisi lavozimida ishlagan.
Rus, ingliz va fransuz tillarini biladi.
Ma’lumot uchun, Minsk shahridagi elchixona 2018 yilda ochilgan.
Eslatib o‘tamiz, 4 fevral kuni O‘zbekistonning yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Abdusalom Xatamov Ummon poytaxtiga yetib borgan edi.
LiveBarchasi