O‘zbekistonni bosib olishni taklif qilgan Prilepin Zelenskiyni suiqasd uyushtirishda aybladi

Olam

image

Rossiyadagi “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” partiyasi hamraisi, Rosgvardiya podpolkovnigi, yozuvchi Zaxar Prilepin 2023 yilda o‘ziga nisbatan uyushtirilgan suiqasd shaxsan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning buyrug‘i bilan amalga oshirilganini aytdi. U bu fikrini yozuvchining 50 yilligi munosabati bilan suratga olingan “Yangi media ustaxonasi” filmidagi fiklariga tayanib, TASS xabar berdi.

“Va, albatta, menda u (Vladimir Zelenskiy) bilan shaxsiy hisob-kitobim bor, chunki shaxsan u eng yaqin do‘stlarimni va meni o‘ldirishga buyruq bergan, mening o‘ldirilishimni shaxsan qonuniylashtirgan”, deydi u.

Ma’lumot uchun, 2023 yil may oyida Nijniy Novgorod viloyatining Pionerskiy qishlog‘ida Prilepin minib ketayotgan mashina portlatilgan. Portlashda Ukrainaga bosqin boshlanishidan oldin va keyin, shu jumladan Rosgvardiya “Oplot” bataloni tarkibida u bilan birga xizmat qilgan yozuvchining o‘rtog‘i Aleksandr Shubin halok bo‘ldi. Prilepin esa yaralangan. Tergov qo‘mitasi Prilepinga mashinasini qaytarib bergan. Prilepinning ta’kidlashicha, agar rulmanlar bilan to‘ldirilgan tankga qarshi mina portlasa, omon qolish imkoniyati deyarli yo‘q.
2023 yil 6 iyun kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Prilepinni “Jasorat” ordeni bilan taqdirladi. Shubin ham vafotidan keyin “Jasorat” ordeni bilan taqdirlangan.

Eslatib o‘tamiz, Zaxar Prilepin 2023 yil 20 dekabr kuni “Rossiya Segodnya” xalqaro multimedia matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida sobiq SSSR hududlarini, jumladan O‘zbekistonni Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib, ularning aholisiga rus tilini o‘rgatish taklifini ilgari surgandi.

Bu O‘zbekistonda norozilik va keng munozaralarga sabab bo‘ldi. O‘zbekistonlik faollar va deputatlar bu borada o‘z munosabatlarini e’lon qildi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov Prilepinning bayonotiga munosabat bildirayotib, “Aqlsiz do‘st aqlli dushmandan yomonroqdir”, naqlini eslatdi. Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherboyev esa O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham mazkur vaziyatdan norozilik bildirib, Rossiyaga rasmiy nota yuborishi kerakligini ta’kidladi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov ham bu bo‘yicha munosabat berib, Kiyevni egallash Rossiya uchun orzuligicha qolishini aytdi. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa Prilepinning bunday harakati na O‘zbekiston, na Rossiya qonunchiligiga to‘g‘ri kelishini eslatdi. Yana bir  deputat Umida Rahmonova esa bir davlatning suverenitet huquqini boshqa davlatlarga nisbatan buzishni g‘irt ikkiyuzlamachilik deb atadi.

Jamoatchilik orasidagi noroziliklardan so‘ng, Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oleg Malginov 21 dekabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. Uchrashuvda Rossiya vakiliga “Rossiya segodnya” matbuot-markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning O‘zbekiston hududini Rossiyaga qo‘shib olish zarurligi haqidagi taklifi Toshkentda chuqur tashvish hissi bilan qabul qilingani qat’iy tarzda yetkazilgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa Zaxar Prilepinning O‘zbekistonni bosib olish haqidagi tajovuzkor gaplariga munosabat bildirib, bu Prilepin shaxsiy fikri ekanini, Moskva bilan bog‘liqlik joyi yo‘qligini aytdi


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Zelenskiy Zaxar Prilepin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing