O‘zbekistonliklar Jahon chempionatida 6 ta medalni naqd qildi
Sport
−
22 noyabr 2022
6561Ispaniyada bo‘lib o‘tayotgan boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida yarim finalchilar nomi aniq bo‘ldi. Kecha, 21 noyabr kungi dasturda 9 nafar o‘zbekistonlik bokschi ringga ko‘tarildi.
Ayollar o‘rtasida -48 kgda Gulsevar G‘aniyeva Xitoy Taypeyi vakilasi Yi Xuan Guoni 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. -54 kg vazn toifasida Muxlisa Xushvaqtova germaniyalik Krisovalanu Kutsokristuga imkoniyatni boy berdi. -63 kg vaznli Sitora Bahodirova Argentina vakilasi Magali Erreraning to‘sig‘idan o‘ta olmadi. Aziza Zokirova (-70 kg) va Oltinoy Sotimboyeva (-81 kg) musobaqaning keyingi bosqichiga yo‘l oldi.
Erkaklar o‘rtasida -54 kgda Xo‘janazar Nortojiyev irlandiyalik raqibidan ustun kelgan bo‘lsa, -67 kg vazn toifasida Javohir Ummataliyev armanistonlik Ares Xakobyanni dog‘da qoldirdi. -75 kg vazn toifasida To‘rabek Xabibullayev armanistonlik raqibiga qarshi jang o‘tkazib, g‘alabaga erishdi. -92 kgda Aynazar Kenesbayev chorak finalda misrlik Muhammad Holidga imkoniyatni boy berdi.
Kechagi janglarda jami 6 nafar O‘zbekiston vakili yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, kamida mundialning bronza medaliga ega chiqadigan bo‘ldi.
LiveBarchasi